1

O`zbekiston olimlari tomonidan allergiyaga qarshi milliy mahsulot ishlab chiqarildi

Salomatlik 07.04.2015, 11:25
O`zbekiston olimlari tomonidan allergiyaga qarshi milliy mahsulot ishlab chiqarildi

O`zbekistonda mahalliy xomashyodan allergiyani davolovchi birinchi tabiiy antigistamin dori vositasi yaratilmoqda, deya xabar beradi telegraf.uz nashri.

“Allergodaf” nomli ushbu yangi preparat uch bo`lakli qoraqiz o`ti o`simligi tarkibidagi biologik faol moddalar asosida tayyorlangan, nojo`ya ta`siri mutlaqo yo`q. Kelgusida u hatto allergiyaning o`tkir, surunkali turlari bilan og`rigan bemorlarni kasallikdan xalos etishi mumkin. “Allergodaf” O`zbekiston Fanlar akademiyasi Immunologiya hamda O`simlik moddalari kimyosi institutlari olimlarining ko`p yillik hamkorlikdagi ilmiy izlanishlari mahsuli ekani diqqatga sazovor.

Tadqiqot ishlari Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Fan va texnologiyalarni rivojlantirishni muvofiqlashtirish qo`mitasining grant lo­yihasi doirasida olib borildi. Dastlab olimlar qoraqiz o`ti tarkibidagi biologik faol modda (flavonoid)larning xususiyatlarini o`rganib, ular allergiyaga qarshi samarali ta`sirga ega ekanini aniqladi. Qoraqiz o`ti xalq tabobatida qadimdan ma`lum. Xususan, bu o`simlik damlamasi bolalarda uchraydigan allergik kasallik — diatezni davolashda keng qo`llanib kelingan.

— Yangi mingyillikda allergik kasalliklar nihoyatda ko`paydi, — deydi  “Allergodaf” mualliflaridan biri, Immunologiya institutining klinik immunologiya va allergologiya laboratoriyasi mudiri Akram Suyarov. — O`tgan asrda ular Er yuzi aholisining bor-yo`g`i 1-2 foizida uchragan bo`lsa, bugungi kunga kelib rivojlangan mamlakatlar, ayniqsa, yirik shaharlarda bu ko`rsatkich 35 foizgacha etmoqda. Allergiyaning kelib chiqish sabablari va rivojlanish mexanizmi yaxshi o`rganilgan. Inson kundalik faoliyati davomida allergiyani qo`zg`atuvchi turli moddalar — allergenlar ta`siriga uchraydi. Ular ichimizga oziq-ovqat mahsulotlari, havodagi chang, ayrim dori preparatlari orqali, ba`zan hasharotlar chaqqanda kirishi mumkin. Immuniteti mustahkam, sog`lom odamni allergenlar “ishg`ol” qila olmaydi. Lekin immun tizimi izdan chiqsa allergenlar faollashadi. Natijada organizmdagi maxsus hujayralar gistamin moddasini me`yoridan ortiq ishlab chiqara boshlaydi. Bu    holat allergik reaksiyani yuzaga keltiradi. Shuning uchun allergiya belgilari namoyon bo`lganda bemorlarga antigistamin dorilarni buyuramiz.

Hozirgi kungacha farmakologiyada ixtiro qilingan antigis­tamin guruhiga mansub preparatlarning barchasi sintetik usulda olinmoqda. Ular kimyoviy birikmalardan tashkil topgani bois organizmga nojo`ya ta`sir ko`rsatishi va hatto allergiyani davolash o`rniga, aksincha, qo`zg`atib yuborishi mumkin. Bunday dorilar yurtimizga xorijdan keltirilayotgani tufayli narxi qimmat. Borlari ham aholi ehtiyojini etarli darajada qondirolmaydi.

“Allergodaf” allergiyaga qarshi dori-darmonlar tasnifiga o`simlik asosida olingan birinchi antigistamin preparat sifatida kiritilishiga shubha yo`q! Ixtiroga patent olish uchun hujjat topshirilgan. Dastlab preparat laboratoriya hayvonlarida sinovdan o`tkazildi. Uning ta`sirini amaldagi sintetik antigistaminlar bilan solishtirib o`rganildi. Natija kutilgandek ijobiy. E`tiborlisi shundaki, tajriba-sinov jarayonida “Allergodaf” tabletkalarining toksik ta`siri umuman kuzatilmadi. Demak, ular kimyoviy usulda tayyorlanadigan dorilardan farqli o`laroq, organizmni zaharlamaydi va birorta ham organga ziyon etkazmaydi. O`simlik moddalari kimyosi institutida yangi preparatning dast­labki tajriba namunalari ishlab chiqarildi. Sog`liqni saqlash vazirligi qoshidagi Farmakologiya qo`mitasi dorini klinik sinovdan o`tkazishga ruxsat berdi. Klinik sinovlarni 2016 yildan boshlashni rejalashtirilgan.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1