1

Xitoy elchisi mamlakat qaysi usul bilan koronavirusni engayotgani haqida so`zlab berdi

Dunyo 26.03.2020, 08:13
Xitoy elchisi mamlakat qaysi usul bilan koronavirusni engayotgani haqida so`zlab berdi

Xitoy Xalq Respublikasining O`zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Szyan Yan xonim Chin mamlakati qaysi usul bilan dahshatli infeksiyaning tarqalish yo`llarini to`sgani, epidemiyaga qarshi samarali kurashishdagi asosiy omillar haqida so`zlab berdi:

– Biz juda ko`p gapiramiz: sarosima virusdan ham xavfli. Xitoy tajribasi ham koronavirus tufayli yuzaga chiqqan xastalikni nazorat qilish va davolash mumkinligini ko`rsatdi. Xitoyda 70 mingdan ziyod ushbu xastalik alomatlari aniqlangan kishilar davolanib uylariga qaytdi. Bu natijaga shunchaki erishilgani yo`q. Uning zamirida juda og`ir va mashaqqatli mehnat yotibdi. Epidemiya tarqalishining oldini olishdagi hal qiluvchi omillar sifatida men quyidagilarni ko`rsatgan bo`lardim:

Birinchi omil, bu – XXR Raisi Si Szinpin boshchiligidagi Xitoy kommunistik partiyasi markaziy qo`mitasining qat`iy rahbarligi. Mamlakat etakchisi xalq salomatligini birinchi o`ringa qo`ygan holda, profilaktika va epidemiya ustidan nazorat o`rnatishga juda katta e`tibor qaratdi va bu jarayonni shaxsan nazorat qildi. Ayni harakat xalqning epidemiya ustidan g`alaba qozonishga nisbatan ishonchini mustahkamladi.

Ikkinchi omil – hamjihatlik. Tahlikali vaziyat qarshisida butun mamlakat va xalq birlashdi. Xitoyning barcha hududlaridan “Oq libosli farishtalar”,dori vositalari va eng zarur oziq-ovqat mahsulotlari Uxanga jo`natildi. Shahar aholisi, o`z navbatida, virus tarqalishining oldini olish maqsadida ikki oydan ziyod vaqt umuman uydan chiqmadi.

Uchinchi omil – epidemiyaga qarshi samarali choralar. Epidemiya paydo bo`lishi bilan butun mamlakat bo`ylab tibbiyot sohasida eng yuqori darajadagi favqulodda vaziyatda hushyorlik joriy qilindi va virus profilaktikasi va ixotasi bo`yicha bir qator zarur choralar ko`rildi. Bu iloji boricha infeksiyaning barcha yo`llarini to`sish imkonini berdi.

To`rtinchi omil, bu – xalqaro darajadagi qo`llab-quvvatlov. Hal qiluvchi vaziyatda biz 70 dan ziyod davlatdan, jumladan, do`st O`zbekistondan ham insonparvarlik yordamini qabul qilib oldik.

Epidemiyani profilaktika qilish va ixotalashda Xitoy qanday tajribaga ega bo`ldi? Taniqli epidemiolog Chjun Nanshanning fikricha, eng avvalo zudlik bilan eng ko`p kasallik aniqlangan hududlarni yopish, kasallikni barvaqt aniqlash, tashxis qo`yish va karantinga olish maqsadida mamlakatning barcha mintaqalari ishtirokida hamkorlikdagi profilaktika va nazorat mexanizmini yo`lga qo`yish kerak. Ommaviy tadbirlarni qisqartirish va har bir fuqaroni muhofaza qilish juda muhim. Eng samarali choralardan biri kishilarni uylaridan chiqmaslikka, gigiena me`yorlariga qat`iy rioya qilishga, lozim bo`lganda darhol shifokorga murojaat qilishga chaqirishdir.

Virus chegara bilmaydi. Xitoy epidemiya paydo bo`lgan birinchi kunlardanoq xalqaro hamkorlikni faollashtirdi, qisqa muddatda koronavirusning genetik kelib chiqish yo`llarini topdi va bundan darhol jahon hamjamiyatini xabardor qildi. Ayni qaror boshqa davlatlar uchun o`z sa`y-harakatlarini muvofiqlashtirishda muhim vosita bo`lib xizmat qildi.

JSST rahbari Tedros Gebreyesus ta`kidlaganidek, Xitoy butun dunyo uchun vaqtdan yutdi. XXR muntazam ravishda mamlakatdagi epidemiologik vaziyat to`g`risida xabar tarqatmoqda, boshqa davlatlar bilan izchil aloqalarni, muvofiqlashtiruvchi harakatlarni ushlab turibdi.

Epidemiya er yuzi bo`ylab tarqalishda davom etayotgan bir paytda, Xitoy koronavirus pandemiyasidan aziyat chekayotgan mamlakatlar va mintaqalarga har tomonlama ko`mak beryapti. Biz “Yangi tipdagi koronavirus tufayli paydo bo`lgan pnevmoniyani tashxislash va davolash to`g`risidagi protokol” hamda “Sayohatchilar uchun profilaktika va epidemiyaga qarshi kurash bo`yicha tavsiyalar”ni ishlab chiqdik va tarqatdik. Dahshatli virus bilan kurashda orttirilgan tajribamizni videokonferensiya orqali o`nlab davlatlarga etkazdik. Ehtiyojmand mamlakatlarga ijtimoiy yordam yuklari, xitoylik shifokorlardan iborat brigadalar jo`natildi.

Epidemiya bilan kurash avjiga chiqqan o`ta tahlikali vaziyatda Xitoyga ko`rsatilgan beg`araz yordam uchun do`st O`zbekiston xalqidan minnatdormiz. Xitoy xalqida shunday bir ibora bor: “Shaftoli berganni olxo`ri bilan siyla”. Endi O`zbekistonda mazkur virus bilan kasallanish holatlari kuzatilganda Xitoy ham O`zbekistonni epidemiyaga qarshi kurashda har tomonlama qo`llab-quvvatlaydi. 20 mart kuni ikki davlat olimlari, tibbiyot xodimlari ishtirokida teleko`prik tashkil etilib, mutaxassislar koronavirus pnevmoniyasiga qarshi profilaktika ishlarini olib borish va kurashishga oid batafsil fikrlashdi. Xitoy hukumati yaqin kunlarda O`zbekistonga tashxis uchun test tizimi, himoya kiyimlari, ko`zoynaklar va boshqa tibbiy vositalardan iborat beminnat insonparvarlik yordamini jo`natadi. Xitoy kompaniyalari ham o`zbekistonlik hamkasblariga insonparvarlik yordami ko`rsatishda davom etyapti.

Prezident Shavkat Mirziyoev O`zbekiston xalqiga murojaatida ta`kidlaganidek, biz barchamiz millatimiz, tilimiz, e`tiqodimizdan qat`i nazar, jipsmiz va ishonchimiz komilki, bu qiyinchiliklarni albatta engib o`tamiz. Qo`shimcha qilib shuni aytmoqchi edimki, Xitoy va O`zbekiston boy tarixiy sivilizasiyaga ega davlatlar hisoblanadi, xalqlarimizning matonati cheksiz. Qat`iy aminman, birgalikdagi sa`y-harakatlarimiz bilan tez orada bu kurashda g`olib chiqamiz va taqdiri yagona insoniylik jamiyatini shakllantirish yo`lidagi intilishning yorqin namunasini butun dunyoga namoyish etamiz.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1