Aziz muxlislar, e`tibringizga navbatdagi eksklyuziv intervyuni havola etamiz. Sizga mahoratli aktyor va yurist sifatida yaxshi tanish bo`lgan Otabek Mahkamov bu gal ham jurnalistlik vazifasini zimmasiga olib, Bollivudning yorqin yulduzlaridan biri, bizga “Bobbi” filmi orqali yaxshi tanish bo`lgan Dimpl Kapadiya bilan bo`lgan eksklyuziv suhbatni e`tiboringizga havola etadi.
— Kapadiya xonim, xabarimiz bor, siz ko`plab milliy va xalqaro kinoloyihalarda ishtirok etib kelyapsiz, barcha yaratgan obrazlaringiz beqiyos, lekin oradan 40 yildan ziyod vaqt o`tganiga qaramasdan o`zbekistonlik muxlislaringiz uchun siz hamon Bobbisiz. Siz va Rishi Kapurning "Bobbi" filmidagi tandemi hamon tomoshabinlar yodida. 1973 yilda, siz endigina 16 yoshda bo`lsangiz-da, Raj Kapurning filmida suratga tushishga muvaffaq bo`lgansiz. Shundan so`ng dunyo bo`ylab ko`plab qizlar sizga taqlid qila boshlashgan. Lekin, siz bunday katta omaddan voz kechib, «Bobbi»dan keyin mutlaqo kino sohasidan ketib qoldingiz. Shundan keyin mish-mishlar bolaladi. Hozirgi uchrashuvdan foydalangan holda, bu masalada aniqlik kiritsangiz…
O`zbekistonlik tomoshabinlarga "Bobbi" filmi yoqqanidan xursandman, chunki aktrisa uchun yaratgan rollari xuddi o`z farzandidek bo`lib qoladi. Shunday ekan mening birinchi farzandim "Bobbi" bo`ladi. Bu filmning omadiga esa albatta ustozim Raj Kapur va kinodagi partnyorim Rishi Kapurlarning mahorati sabab. To`g`ri aytdingiz, bu rolim menga cheksiz muvaffakiyat olib keldi. Yosh bo`lganim uchun bunday omadga tayyor emasdim. Lekin, o`zim sevib tanlagan kasbimni tashlab ketmadim, vaqtinchalik chekindim, xolos. Buning sababi, men ayollik burchimni aktrisalikdan ustun qo`yganim bo`ldi. "Bobbi" katta ekranlarga chiqishidan olti oy oldin men akter Rajesh Xanna bilan turmush qurdim. Bir-biridan ajoyib ikki qiz —Tvinkl va Rink Xannani dunyoga keltirdik. Qizlarimning ikkalasi ham bizning kasbimizni tanladi. Hozirgi kunda ular professional aktrisa. Shuning uchun, men qilgan kasbimni qurbon qildim deya olmayman, aksincha o`z samarasini bermoqda deyishim mumkin. Qizim Tvinkl Xanna ham, xuddi menga o`xshab uz kasbdoshi Akshay Kumarga bilan turmush qurgan.
"Bobbi"dagi rolingiz uchun biror mukofot olganmisiz?
Ha, aynan shu rolim uchun "Yilning eng yaxshi aktrisasi" degan milliy faxrli unvonga sazovor bo`lganman.
— Ijodga qachon qaytgansiz?
— 1984 yilda o`z kasbimga qaytganman.
— Gadoni dushmani gado bo`ladi, deyishadi, aytinchi, kinosanoatga qaytganingizni hamkasblaringiz qanday kutib olishgan?
— Afsus, o`n yillik tanafusdan so`ng ko`p kasbdoshlarim va hatto muxlislarim meni sovuqqina kutib olishgan desam xato bo`lmaydi. Chunki, bu paytda men "Bobbi"dagi qizalok emas, balki umuman boshqacha ko`rinishdagi ayol edim. Lekin, shunga qaramasdan, barcha qiyinchiliklarni engib, o`z ustimda ishlab, mahorat va tajribamni oshirib, 1985 yilda "Saagar" filmida yana oldingi partnerim Rishi Kapur bilan birgalikda rol ijro etganman.
— Adashmasam, "Saagar" filmi uchun ham "Yilning eng yaxshi aktrisasi" unvoniga sazovor bo`lgansiz...
— To`g`ri, aynan o`shanda bu unvonga ega bo`lish naqadar baxt ekanligini tushunib etganman. Shundan keyin ko`plab kartinalarda — "Aitbaar" (1985), "Janbaaz" (1986), "Insaaf" (1987), "Adolatning bahosi" (1988), "Ram va Lakxan" (1989), "Drishti" (1990), "Rudaali" (1993) rol ijro etdim.
— Qaysi akyotrlar bilan partnyor bo`lib ishlash oson?
— Partnerlar bilan qiynalgan paytlarim ham bo`lgan. Lekin “Rudaali”dagi rolim uchun National Film Award mukofotiniga sazovor bo`lganimdan so`ng ko`plab taniqli akterlar bilan birga ishlash baxti nasib etgan. Ulardan Sanni Deol, Amitabx Bachchan, Jeki Shrofflarni sanab o`tishim mumkin. Ularning har biri men uchun katta taassurot koldirgan. Savolizga aniq javob beradigan bo`lsam, Amitabx Bachchan nafaqat buyuk aktyor balki haqikiy do`st. Unga sirlaringizni ham bemalol ishonishingiz mumkin. Shunday inson bilan zamondosh bo`lganimdan faxrlanaman.
— Qiziq, negadir Rishi Kapurni tilga olasiz deb o`ylagandim...
— Rishi Kapur bilan xuddi qarindoshdekmiz, men uchun u hamisha raqobatdan tashqaridagilar toifasida bo`ladi.
— Ko`pgina hind aktyorlari, tadbirkorlari va boshka soha vakillar bilan suhbatlashganman. Ular bilan suhbatda ko`pincha ingliz tili bo`yicha ayrim muammolarga duch kelardim. Lekin siz sof adabiy ingliz tilida gapirishingizni ko`rib, quvondim. Aytinchi, ingliz tilida ham rol ijro etganmisiz?
— Inson chet tilini o`rganar ekan, nafaqat til qoidalariga balki talaffuziga ham e`tibor qaratishi kerak deb o`ylayman. Afsuski, ingliz tilida ijro etgan rollarim ko`p emas. Faqat 2006 yilda "Kiraga aylanish" filmida ingliz tilida rol ijro etganman.
— Kino mutaxassislarining fikricha filmning sifati ssenariyga bog`liq ekan. Xususan Alfred Xichkok, "yaxshi kinoning muvaffaqiyati uch narsaga bog`liq, bu — ssenariy, ssenariy va yana ssenariy" degan edi. Bu fikrga qo`shilasizmi, qaysi ssenaristlarning ishini yuqori baholaysiz?
— Albatta, ssenariy sifatli bo`lmasa, kinosanoat ham bo`lmaydi. Afsuski, men tanigan ko`pgina professional ssenaristlar bu dunyodan o`tib ketishdi. X.A. Abbas, Nabendu Gxosh va Abrar Alvi. Shuning uchun endi hech kim: "Dharti Ke Lal", "Parineeta" va "Saheb Bibi Gulam" kabi ajoyib kinossenariylar yoza olmayapti.
— Eshitishimcha siz mashhur rejisserlar Stiven Spilberg va Martin Skorsezelar bilan uchrashgansiz, to`g`rimi?
— Ha, AQShning Kaliforniya shtatida "Drishti" maxsus namoyishida bu ikkala rejissyor bilan uchrashish va ulardan maqtov eshitish baxtiga muyassar bo`lganman
— Oxirgi paytlarda sizni asosan qanday yunalishdagi filmlarga taklif etishyapti?
— Yoshimni inobatga olgan holda onalar va buvilar rolini berishyapti. Bundan xafa emasman, chunki har bir ayol uchun ona va buvi bo`lish katta baxt. Bu baxtga etganlar bor etmaganlar bor.
— Yaxshi akter bo`lish uchun maxsus ta`lim bo`lish shart deb o`ylaysizmi?
— Aktyorlik mahoratiga bo`lgan iqtidorni shu vaqtgacha hech kaysi ta`lim muassasasi berolmagan. Agar imkoniyat bo`lsa, albatta aktyorlikka o`qish kerak deb o`ylayman, lekin akteyolik sirlarini bilib olish uchun o`qishning o`zi etarli emas.
— “Darakchi” gazetasi mushtariylariga hamda O`zbekistondagi muxlislaringizga tilaklaringiz.
— Hamisha sog`-salomat, omadli bo`lib qolinglar. Har bir yoshning o`ziga xos huzurini ko`rib yurish nasib etsin. Qizikarli savollar uchun rahmat.
— Sizga ham samimiy suhbat uchun katta rahmat. Sizdan yangi-yangi rollar kutib qolamiz.
Otabek Mahkamov suhbatlashdi