Futzal bo`yicha XIX O`zbekiston milliy chempionatining chorak final uchrashuvlari 14-16 aprelkunlari poytaxtning “O`zbekiston” sport majmuasida o`tkaziladi. Bu haqda O`zbekiston Futbol federasiyasi rasmiy sayti xabar beradi.
Habaringiz bor, o`tgan mavsumdan chempionatning chorak final bosqichidan boshlab uchrashuvlar pley-off tizimida, jamoalar juftliklarga bo`linga holda, 2 g`alabaga qadar o`tkaziladi. Juftliklar, dastlabki boschiqda egallagan o`rinlariga qarab ajratib olinadi. Shu tariqa, 1-bosqichda peshqadamlikni qo`lga kiritgan jamoa, 8-o`rinni egallagan jamoa bilan o`ynaydi, 2-o`rinni egallagan jamoa 7-o`rin bilan, va mos ravishda 3-o`rinda borayotgan jamoa 6-o`rindagi jamoa bilan kurash olib borsa, 4-o`rindagi jamoa, chempionatning 5chi jamoasi bilan bahslashadi.
O`z navbatida, 9 va 10-o`rinlarda qayd etilgan autsayderlar, musobaqadagi ishtirokini yakunlaydi. Ushbu mavsumda chempionatdan Samarqandning “Nafis” va Toshkentning “Paxtakor” jamoalari chiqib ketishdi. O`tkazilgan 18ta uchrashuvda “Nafis” 5 ochkoni qo`lga kiritgan bo`lsa, “Paxtakor” 9 ochkoga ega bo`ldi.
Musobaqaning 1-davrasini debyutant klub – “Olmaliq” peshqadam sifatida yakunladi. Endi, pley-offda Aleksandr Petrov shogirdlari o`tgan yilgi chempion, bu yil esa, 18ta o`yindan so`ng 8-o`rinda qayd etilgan “Lokomotiv”ga qarshi to`p surishadi.
“Olmaliq”dan 4 ochko kam jamg`argan va 2-o`rinda borayotgan “Ardus”, chorak finalda 7-o`rindagi “Bunyodkor”ni sinovdan o`tkazadi.
Yana bir debyutant, Qarshining “Nasaf” klubini esa, chorak finalda Qashqadaryo derbisi kutmoqda. Ushbu o`yinda “Nasaf”ga o`tgan yilgi musobaqa finalchisi “Do`stlik-AIN” qarshilik qiladi. Jamoalar bu mavsumda mos ravishda 3 va 6-o`rinlarda joylashgan.
Chorak finalning ohirgi juftligi “Kogon” va “Maksam-Chirchiq” jamoalaridan tashkil topgan. O`tkazilgan uchrashuvlar yakuniga ko`ra, ushbu klublar 4 va 5-o`rinlarda joylashgan.
O`tgan mavumda 1-bosqichni 6-o`rinda yakunlab, chempionat finaliga qadar etib borgan Qashqadaryoning “Do`stlik-AIN” jamoasining natijasini yodga tutib, ushbu mavsumda ham chempionat pley-off bosqichidan boshlab kutilmagan natijalarni tuhfa etishi mumkin deb tahmin qilsa bo`ladi. Demak, bizni yorqin va murosasiz bahslar kutib turibdi deb bemalol aytsa ham bo`ladi.
Ta`kidlash lozim, musobaqaning barcha o`yinlariga kirish bepul.
O`zbekiston chempionati
Chorak final
14.04.2015
11:00 Nasaf – Do`stlik-AIN
13:00 Kogon – Maksam-Chirchiq
15:00 Olmaliq – Lokomotiv
17:00 Ardus – Bunyodkor





