Sinoptiklarning ma`lum qilishicha, mart oyi me`yorga nisbatan 1-3 darajaga iliqroq, yog`inlar miqdori esa respublikamiz hududining katta qismida o`rtacha ko`p yillik qiymatlardan kamroq bo`ldi.
Aprel oyining ilk kunlari ham o`tdi. Ob-havo nobarqaror bo`ladigan haqiqiy bahor kelganini his qilmoqdamiz. Apreldagi yomg`irlar asosan lokal xarakterga ega bo`ladi. Shunday, 3 aprelda faqat respublikamiz shimoli — Qoraqalpog`iston va Xorazm viloyatida yomg`ir yog`ishi kutilmoqda. 4 aprelda janubi-g`arbiy hududlar — Buxoro, Navoiy, Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida, 5 va 6 aprelda esa shimoliy hududlar va Farg`ona vodiysidan tashqari respublikamizning qolgan hududida ayrim joylarga yomg`ir yog`adi. Shu davrda harorat 17-22 daraja iliq atrofida, ayrim kunlarda 23-25 darajagacha iliq bo`ladi.
Keyinchalik, qisqa tanaffusdan keyin O`zbekistonda yana yomg`irli davr bo`lishi kutilmoqda. Undan so`ng aprelning oxirigacha quruq va iliq davrlar ob-havo nobarqaror bo`ladigan yomg`irli davr bilan almashib turadi. Yomg`irlar asosan qisqa muddatli bo`lib, momaqaldiroq bo`ladi va shiddatli shamol esadi.
Kunduzgi harorat 25-25 darajadan 25-30 daraja issiqqacha o`zgarib turadi, aprel oyining oxirgi o`n kunligida 30-33 darajagacha ko`tariladi. Ayrim kunlarda yomg`ir yog`ayotganda haroratning 13-18 darajagacha pasayish ehtimoli yo`q emas.
Umuman, aprel harorat rejimi bo`yicha o`rtacha ko`p yillik qiymatlarga yaqin, ayrim joylarda odatdagidan 1-2 daraja iliq va o`rtacha nam bo`ladi.
Eslatib o`tamiz, O`zbekistonda aprel oyi yilning eng yog`inli oylaridan biri hisoblanadi. Odatda, aprelga qaraganda faqat mart oyi yog`inlar bo`yicha ustun turadi. O`tgan 2019 yil aprel oyi esa eng yog`inli, mamlakatimizning ayrim mintaqalarida esa O`zbekistondagi butun meteorologik kuzatuvlar tarixi davomida eng yog`inli deb qayd etilgan.






