O`zbekiston koronavirus tarqalishining oldini olish bo`yicha AQSh, Niderlandiya, Rossiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya mutaxassislari bilan ish olib bormoqda. Bu haqida Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ma`lum qildi.
«O`zbekiston 24» telekanalidagi chiqishida Alisher Shodmonov so`nggi 2-3 kunda O`zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish holatlari ortishi bo`yicha savolga javob berdi.
«Epidemiologiyaning qonuniyatiga ko`ra, boshqa davlatlardagi kasallanish dinamikasini kuzatadigan bo`lsak, virus yuqib, tarqalib, o`sishi davom etadi. Har bir davlat tibbiyotining oldida turgan masala – kasallanishning keskin oshishiga yo`l qo`ymaslik», - dedi Shadmanov.
Vazir O`zbekistonda koronavirus tashxisini amalga oshirish bo`yicha yaratilgan sharoitlarga to`xtaldi.
«Koronavirus tashxisini amalga oshirish uchun etarli sharoit bor. PSR apparatlari etarli miqdorda ta`minlangan. Diagnostikumlarni qator mamlakatlardan olib kelib, etarli miqdorda ta`minlaganmiz.
Qaysi mamlakatda kasallikni aniqlash jarayonlari tez amalga oshsa, izolyasiya qilinsa, shifoxonaga joylansa va davolansa, bu erda yaxshi natijalarga erishiladi, keng tarqalishiga yo`l qo`yilmaydi», dedi Shadmanov.
U tekshiruvlar kuchaytirilganini ta`kidladi.
«Bugungi kunda barcha karantin zonalarimizda, aholimizning xavf guruhlari ichida tekshiruvlarni kuchaytirganmiz. Kechaning o`zida biz 4737ta test sinovlarini o`tkazdik. 76ta holatda kasallikni aniqladik. Yangi kasallar aniqlanganligi yomon holat, lekin aniqlamaganimizda undan ham yomon bo`lishi mumkin edi», dedi Sog`liqni saqlash vaziri.
Alisher Shadmanov karantin me`yorlarining 14 kun etib belgilanishiga izoh berdi va kasallik tarqalishining oldini olish borasidagi amalga oshirilayotgan ishlarga to`xtaldi.
«Me`yorlarni tanlashda hamjamiyat, olimlar, mutaxassislar bilan hamkorlikda, integrasiyada ishlash bo`yicha prezidentimiz topshiriq berganlar. Ikki marta Jahon sog`liqni saqlash tashkilotining missiyasi bo`ldi. Tashkilot vakillari kelib, bizda epidemiologiya nuqtayi nazaridan ishlarni olib borishdi. Amerika qo`shma shtatlaridan professor ish olib bordi, Niderlandiyadan Urte xonim bizda 2 oy mobaynida ish olib bordi. Bugungi kunda prezident topshirig`iga muvofiq, Koreyadan professor Choy tashrif buyurgan, u hozirgi kunda mamlakatimizda bo`lib turibdi. Hozirgi kunda epidemiyaga qarshi choralar bo`yicha bizga yordam beryapti», dedi Shadmanov.
U koronavirusdan zararlangan 390 nafar kishining holati nazoratda bo`lishi, sifatli standartlar asosida yordam berilishi nuqtayi nazaridan har bir bemorga davolovchi shifokordan tashqari, ikki nafardan tibbiyot xodimi - oliy ta`lim muassasalari va respublika ilmiy markazlari etakchi mutaxassislari biriktirilganini aytib o`tdi.
Bundan tashqari, Rossiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya mutaxassislari bilan ish olib borilayotgani, xususan bugun Moskvadagi bosh infeksionist Devyatkin bilan videokonferensiya amalga oshirilishini ma`lum qildi.