Qonun 2025-yil 5 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan qabul qilinib, 18 dekabr kuni Senatda ma’qullangan. Hujjat 2026-yil uchun O‘zbekistonning konsolidatsiyalashgan byudjeti shakllantirilishi va ijro etilishi bilan bog‘liq munosabatlarni tartibga soladi.
Qonunga muvofiq, 1-darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarga ajratiladigan mablag‘lar faqat 2026 moliya yili davomida foydalaniladi va keyingi yilga o‘tkazilmaydi.
Shuningdek, 2026-yil uchun ijara to‘lovlarining eng kam stavkalari, ayrim tovarlar bilan chakana savdo qilish huquqi uchun yig‘imlar hamda chet el avtotransport vositalarining O‘zbekiston hududiga kirishi va tranziti uchun yig‘im stavkalari tasdiqlandi. Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligining eng yuqori miqdori yalpi ichki mahsulotning 3 foizi etib belgilandi.
Qonun 2026-yil 1 yanvardan kuchga kiradi.






