AsosiyJamiyat

Vazir bir bemor virusni 52 kishiga, yana biri 46 kishiga yuqtirganini malum qildi (Video)

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning qayd etishicha, bir bemor virusning 52 kish...

'Vazir bir bemor virusni 52 kishiga, yana biri 46 kishiga  yuqtirganini malum qildi (Video)'ning rasmi

Sog`liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonovning qayd etishicha, bir bemor virusning 52 kishiga, yana biri 46 kishiga yuqishiga sababchi bo`lgan. Bu haqda u«O`zbekiston 24» kanalida ma`lumot berdi.

«Asosan xorijda ishlovchi shaxslar O`zbekistonga qaytgandan so`ng oila a`zolariga kasallikni yuqtirib qo`ygan. Bunga bir qator misollar keltirish mumkin. 15 mart kuni xorijdan kelgan hamyurtimiz 15 nafar shaxsga kasallikni yuqtirgan. 27 mart kuni Andijonda kasalligi aniqlangan shaxsdan ota-onasiga koronavirus yuqqan. Uning otasi yana 36 hamkasbiga koronavirusni o`tkazgan. 

Hamkasblaridan biri 4 nafar qarindoshiga yuqtirgan. Undan tashqari yana muloqotda bo`lganlardan 3 kishiga kasallik o`tgan. Bir kishidan 46 nafar odamga koronavirus tarqagan. Afsuski bu bemorimiz kasallik alomatlari ko`rina boshlaganda ham shifokorlarga xabar bermagan.

Toshkent shahridagi bemorimiz turmush o`rtog`i bilan Turkiyaga borib kelgan. U 8 nafar oila a`zolariga kasallikni yuqtirgan. Ularning barchasini hozir davolayapmiz.

Toshkent viloyatidagi yana bir bemorimiz esa 26 martda kasallik boshlanganiga qaramay 5 kun davomida uyida yotgan. U faqat 30 mart kuni shifokorlarga murojaat qilgan va uni davolashga oldik. Ayni vaqtda uni sun`iy nafas beruvchi (IVL) apparatiga ulab qo`yishga majbur bo`lganmiz.

Toshkent viloyatidan boshqa bir bemorimiz esa yo`talish, tana haroratining ko`tarilishi va nafas siqishiga qaramay to`rtta tashkilotga borgan. Biz majbur bo`ldik o`sha tashkilotlarning barchasini yopishga. Bu bemor 52 kishi kasallikni yuqtirgan.

Yana bir bemor uchta tashkilotda ishlayotgan bo`lgan. U sababli 100 dan ortiq insonlarni kuzatuvga olishga majbur bo`ldik. Kasallik boshlanganini bilgani holda shuncha odam bilan muloqotda bo`lgan. Bu jinoyat. Bila turib, shuncha odamga kasalni yuqtirish xiyonatdir.

Yana bir fuqaromiz xorijda bo`lgandan so`ng 7 nafar oila a`zosiga yuqtirgan. U bilan muloqotda bo`lgan 153 shaxsni kuzatuvda ushlab turibmiz.mUmumiy hisobda 7 mamlakatdan kirib kelgan 123 kishi va ular bilan muloqotda bo`lganlar tufayli bemorlar soni 390 nafarga etdi.mEng yomoni — to`rt nafar bemorimiz kim bilan uchrashganini sir saqlagan. Faqatgina ular bilan muloqotda bo`lganlarda isitma chiqqandan keyin biz buni bilyapmiz.

Yana bir misol — Turkiyadan kelgan er-xotinda shamollash belgilari bo`lgan. Ammo ular xorijdan kelganini aytmagan va tibbiyot xodimlarini chalg`itgan. Keyinchalik test o`tkazilib koronavirus aniqlangandan keyin ular kasalni yashirganlarini yig`lab tan olishdi. Natijada butun oila kasalga chalingan.

Afsuski, bemorlar orasida kasallik aniqlangandan so`ng ham shifokorlarga quloq solmasdan, o`z bilganini qilib yurganlar uchrab turibdi. O`zing butun mahallaga yuqtirib bo`lding, kerak bo`lsa yashirib yurding, xiyonat qilding, endi hech bo`lmasa shifoxonaga kelgandan keyin shifokorlarning aytganini qilish kerak emasmi? Yo`q, manmanlik bilan tavsiyalarga quloq solmasdan yurganlar ham bor. Mana shunday bemorlardan biri hozir IVL apparatiga ulab qo`yilgan, sun`iy nafas berilyapti.

Mamlakatda cheklov choralari ko`rilyapti. Hozir uyda bo`lishimiz shart. Mashinasida, velosipedida, piyoda aylanib kelishga chiqayotganlarga murojaatim — hammamiz sabr qilishimiz kerak. Qachonki, intizom bo`lsa, barcha tartib-qoidaga bo`ysunib, ikki hafta uyimizda o`tirsak, hammasi o`tib ketadi. Shunda birinchi navbatda oila a`zolarimizni saqlab qolgan bo`lamiz.

Hatto oilada ham quchoqlashib ko`rishmang. Hamma bilan masofada gaplashing», — dedi Alisher Shodmonov.

Mavzuga oid: O`zbekiston koronavirus tarqalishining oldini olish bo`yicha AQSh, Niderlandiya, Rossiya, Germaniya, Koreya, Yaponiya mutaxassislari bilan ish olib bormoqda.

Boshqa yangiliklar