Ayni damdagi statistikaga ko`ra, O`zbekistonda koronavirusga chalinganlar soni 729 nafarga etdi.
Sezdingiz, bildingiz, oxirgi kunlarda bu raqam sezilarli darajada ko`paymoqda. Nega? Sababi bitta? Biz karantinga rioya qilmayapmiz.
Har kuni saytimizga O`zbekistonning turli hududlaridan karantinga rioya qilinmayotgani aks etgan suratlar keladi, videolar keladi. Ular orasida vodiydan tortib vohagacha bor. Tan olish kerak, odamlarimiz negadir karantinga jiddiy qarashayotgani yo`q.
Koronavirus — yuqumli, juda tez yuqadigan xastalik. Eng yomoni, ushbu virus tarqalib bo`ldi. Bugun yon-atrofda har kim virus yuqtirgan bo`lishi mumkin. Birgina poytaxtdagi 6-tug`ruq kompleksini olaylik. Kim bilgandi o`sha ergan borgan mijoz virus yuqtirganini? Xuddi shunday bugun istalgan hududda koronavirus yuqtirgan shaxs bo`lishi mumkin. Bu nima degani? Bu "Virus menga yuqmaydi, hamma shubhalanuvchilar karantinda saqlanyapti-ku", deya xotirjamlikka beriladigan vaqt o`tdi degani. Bu bugun har kim o`zini himoya qilishi, bu bilan virus tarqalishining oldini olishi kerak degani.
Ko`cha gavjum, bozor gavjum, boshqa joylarda ham odamlar bor. Eng achinarlisi, shunchaki sayr qilib yurganlar ham topiladi. Agar karantinga rioya qilmasak, bugun bizni to`rt devor orasiga qamab qo`ygan bu kasallikning umri uzoq bo`ladi. 729 raqami esa yanada kattalashib ketishi mumkin.
Shuning uchun, karantinga rioya qiling, o`zingizni asrang, uyda qoling.






