O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining Ramazon oyini o`tkazish haqidagi BAYoNOTI e`lon qilindi.
Bayonot matnida shunday deyiladi:
“Ma`lumki, yaqin kunlarda musulmonlar intiqib kutadigan muborak Ramazon oyi kirib kelmoqda. Har yili yurtdoshlarimiz Ramazon oyini alohida tayyorgarlik va xursandchilik bilan kutib oladilar. Chunki Ramazon oyida mo`min-musulmonlarning rizqiga baraka, amallariga ulkan ajru savoblar ato etiladi. Zero, Alloh taolo Ramazon oyida mo`minlarga kunduz kunlari ro`za tutmoqlikni farz, tunlari tarovih namozini o`qimoqlikni nafl qilib bergan. Ramazon oyida Qur`oni karimni hech bo`lmasa bir marta boshidan oxirigacha o`qib, xatm qilish Payg`ambarimiz alayhissalomning sunnatlaridandir. Ro`zadorlarga iftorlik qilib berish, muhtojlarga xayru sadaqalar ulashish ushbu oyga xos bo`lgan amallardan sanaladi.
Lekin, ming afsuski, bugungi kunda butun dunyo bo`ylab, jumladan, yurtimizda ham koronavirus pandimeyasi tarqaldi. Bu kasallik keng tarqalishining oldini olish maqsadida yurtimizda karantin e`lon qilindi.
Ma`lumki, ushbu holat vujudga kelgani munosabati bilan O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashining “Koronavirus (COVID-19) infeksiyasi tarqalishining oldini olish bo`yicha fatvosi” e`lon qilindi. Fatvoda yurtimizda epidemiologik vaziyat barqarorlashgungacha jamoaviy namozlar vaqtincha to`xtatilib, musulmonlarimizga namozlarni uylarida ado etishlari lozim ekani etkazildi.
O`zbekiston musulmonlari idorasi tomonidan Ramazon oyini o`tkazish bo`yicha qo`shni va xorijiy mamlakatlardagi holat o`rganildi. Jumladan, Misr Arab Respublikasi, Saudiya Arabistoni, Turkiya, Rossiya Federasiyasining Tatariston Respublikasi musulmonlari diniy idoralari tomonidan Ramazon oyida masjidlarda tarovih namozlari ado etilmasligi va ommaviy iftorliklar uyushtirilmasligi haqida bayonotlar e`lon qilindi.
Shuningdek, qo`shni Qozog`iston va Qirg`iziston musulmonlari diniy idoralari bilan mazkur masala muhokama qilindi va yagona to`xtamga kelish haqida qaror qilindi.
Yuqoridagilardan kelib chiqan holda, shuningdek, fuqarolarimiz orasida Ramazon oyida ko`zda tutilgan diniy marosimlar sababli karantin talablari buzilishining oldini olish maqsadida O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar kengashi barcha musulmonlarni quyidagi ko`rsatmalarga qat`iy rioya qilishga chaqiradi:
1. Ramazon oyida mo`min-musulmonlarimiz tarovih namozlarini, xatmi Qur`onlarni o`z oila a`zolari bilan xonadonlarida o`tkazsinlar.
2. Muborak Ramazon oyida mo`min musulmonlarimizning ruhini ko`tarish maqsadida O`zbekiston musulmonlari idorasi tizimida faoliyat yuritayotgan qorilarning xatmi Qur`onlari onlayn tarzda amalga oshirilishi yo`lga qo`yilsin.
3. Iftorlik savobidan umidvor bo`lgan saxovatpesha musulmonlarimiz iftorlik marosimlari uchun mo`ljallagan mablag`larini Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali moddiy ko`makka muhtoj oilalarga etkazsinlar.
4. Barcha musulmonlarimiz qo`ni-qo`shni va yaqin qarindoshlarni to`plagan holda iftorlik uyushtirishlari karantin talablariga zid kelishi barobarida Alloh taoloning ishboshilarga itoat qilish haqidagi Niso surasi: “Ey, imon keltirganlar! Allohga itoat etingiz, Payg`ambarga va o`zlaringizdan (bo`lmish) boshliqlarga itoat etingiz!...” 59-oyatiga hilof ekanini anglashlari lozim.
5. Zakot mablag`larini hamda fitr va fidya sadaqalarini “Vaqf” xayriya jamoat fondi va uning hududiy bo`linmalari hisob raqamlariga yoki Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga topshirishlari tavsiya etiladi.
6. Ramazon oyi davomida barcha telekanallar orqali efirga uzatilishi rejalashtirilgan ko`rsatuvlar media-rejasi asosida Qoraqalpog`iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari hamda xalqimiz orasida obro`li diniy ulamolarimizning ushbu bayonotda belgilangan vazifalarni xalqimizga etkazish maqsadida ommaviy axborot vositalarida chiqishlar tashkil qilinsin va keng yoritilsin.
7. Qoraqalpog`iston Respublikasi qoziyoti qozisi, Toshkent shahar va viloyatlar bosh imom-xatiblari tomonidan ijtimoiy tarmoqlar orqali “Ramazon – rahmat va sabr oyi” mavzusidagi ma`ruzalarni muntazam on-layn tarzda berib borishni yo`lga qo`ysinlar.
8. Musulmonlarimiz xonadonlarida Alloh taolodan koronavirus balosini tez kunlarda bartaraf etishini so`rab, ixlos bilan duo qilsinlar.
Alloh taolo tez kunlarda bemorlarimizga shifoi komil berib, dunyo xalqlari, jumladan, yurtimizdan bu kasallikni ko`tarsin hamda fazilatli jamoatlar bilan ibodatlarni komil suratda ado qilishni barchamizga nasib qilsin!”






