Mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi tarqalishining oldini olish yuzasidan bir qator tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Butunjahon sog`liqni saqlash tashkiloti O`zbekiston Respublikasida koronavirus pandemiyasi tarqalishiga qarshi kurash borasida davlat organlari hamda jamoatchilikning birgalikdagi sa`y-harakatlari bilan amalga oshirilayotgan ishlar MDH davlatlari orasida eng yuqori ko`rsatkichda tashkil etilganligini alohida e`tirof etgani ham amalga oshirilayotgan ishlarga berilgan ijobiy baho bo`ldi.
Karantin sharoitida fuqarolarimizning belgilangan tartib-qoidalarga ongli ravishda qat`iy rioya etayotganligi koronavirus pandemiyasi tarqalishini jilovlashda muhim omil bo`lmoqda. Shu bilan birga Butunjahon sog`liqni saqlash tashkilotining tavsiyalariga asosan koronavirus pandemiyasi tarqalishini cheklash borasidagi faoliyatni samarali tashkil etish bu borada yana qo`shimcha chora-tadbirlar belgilashni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan Respublika maxsus komissiyasi va Maxsus shtabning 2020 yil 14 apreldagi qo`shma yig`ilishi qaroriga asosan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va e`lon qilingan karantin talablariga qat`iy rioya etilishini ta`minlashga qaratilgan quyidagi choralar belgilanmoqda:
- Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish bo`yicha barcha cheklovlar Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq va Yangiyo`l shaharlariga nisbatan ham tatbiq etiladi;
- pensioner va nafaqaxo`rlarning salomatligini saqlash maqsadida, shuningdek, Jahon sog`liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko`ra respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni to`liqligicha plastik kartalarga o`tkazish orqali amalga oshirish choralari ko`riladi. Bunda, barcha hududlar naqd pul olish imkonini beruvchi bankomatlar bilan hamda ular naqd pul bilan ta`minlanadi;
- naqd pullar saqlanadigan pul omborxonalari va qayta sanash kassalari haftada 2 marotaba dezinfeksiya qilinadi;
- davlat xizmatlari markazlari tomonidan viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida harakatlanish uchun berilgan maxsus ruxsatnomalar karantin tugaguniga qadar amal qiladi (bunda maxsus ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish bo`yicha qo`shimcha harakatlar talab etilmaydi).
Qo`shma qarorda Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 apreldagi 17-son bayoni bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro`yxatini amaliyotda qo`llash bilan bog`liq turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida quyidagi avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmasligi alohida ko`rsatib o`tildi:
- davlat sog`liqni saqlash tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari (1-band);
- xususiy tibbiyot tashkilotlari (xususiy klinika, dorixona va boshqa tibbiyot tashkilotlari)ning xizmat avtotransport vositalari (2-band);
- yo`lovchi tashish faoliyati bilan shug`ullanish lisenziyasiga ega bo`lgan yo`nalishsiz taksilar (shu jumladan, shaxsiy davlat raqamli avtotransport vositalari) yo`lovchilarsiz, etkazib berish xizmati ko`rsatish maqsadida (4-band) harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma (stiker) talab qilinmaydi.
Shuningdek, qo`shma qarorda Davlat soliq qo`mitasiga oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar, shuningdek, birinchi navbatdagi zarur mahsulotlar etkazib berish xizmati ko`rsatishda narxlarning asossiz ravishda ko`tarilishining oldini olish choralarini ko`rish topshirildi.
Qo`shma qarorga muvofiq, karantin davrida nogironlik muddati tugaydigan fuqarolarni qayta ko`rikdan o`tkazmasdan, nogironlik muddatlari avtomatik tarzda uzaytirilgan holda pensiya (nafaqa) to`lovlari davom ettiriladi.
Shuningdek, karantin davrida pensiya va nafaqa (jumladan, dafn marosimi va bola tug`ilganda beriladigan bir martalik nafaqa)larga huquqi paydo bo`lgan fuqarolarga, karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida Pensiya jamg`armasi tuman (shahar) bo`limlariga murojaat etish huquqi taqdim etiladi, bunda ularga pensiya (nafaqa)lar karantin cheklovlari davridagi huquqi paydo bo`lgan sanadan tayinlanadi.
Bank plastik kartalari va ishonchnoma orqali pensiya (nafaqa) olayotgan hamda tayinlangan pensiya (nafaqa)ga bo`lgan huquqini tasdiqlash muddati kelgan, shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport) muddati tugagan fuqarolardan hujjat talab etmasdan, to`lov muddatlari 4 oy muddatga uzaytiriladi.
Iqtisodiyot tarmoqlarining muhim yo`nalishlari va yirik ishlab chiqarish tashkilotlarini faoliyatini davom ettirish, shuningdek, yirik qurilish ob`ektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va ta`mirlash ishlarini davom ettirish (boshlash)ga Respublika maxsus komissiyasining hududiy shtablari rahbarlarining qaroriga (yig`ilish bayoni) muvofiq ruxsat berilishi belgilandi. Bunda ushbu tashkilotlarning faoliyati davrida sanitariya va gigiena qoidalariga to`liq rioya qilishi, o`z faoliyatini faqatgina tegishli ob`ekt hududi doirasida tashkil etishi, shuningdek, ularni ovqatlantirishni mazkur ob`ekt hududida tashkillashtirish uchun shaxsiy javobgarlik tegishli xo`jalik birlashmasi rahbari hamda Qoraqalpog`iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklanadi.






