1

Nyuton karantinni qanday o`tkazgan?

Mutolaa 16.04.2020, 21:18
Teglar: karantin, Nyuton
Nyuton karantinni qanday o`tkazgan?

Bugungi kunda sayyoramizdagi aksariyat mamlakatlarning aholisi koronavirus infeksiyasi jabridan azob chekmoqda. Hamma joyda cheklovlar joriy etilgan, yuz millionlab odamlar karantin yoki “o`zlarini yakkalash” bilan band. To`g`ri, oson emas bunday sharoitda yashash. Ammo allomalar aytganiday, boshga tushganini ko`z ko`raveradi.

Yaqinda ommaviy axborot vositalarining birida bezgak, vabo, o`lat va boshqa yuqumli kasalliklar kelib chiqqan paytda odamlar o`zlarini qanday himoyalaganliklari, vaqtdan unumli va oqilona  foydalanish, qolaversa, zerikmaslik uchun nimalar bilan shug`ullanganliklari haqidagi materialni o`qib oldik. Nazarimda, bularni har kim bilishi kerak, deb o`yladim. Shuning uchun o`zim to`plagan ayrim ma`lumotlar bilan o`rtoqlashgim keldi. Ular sizda ham qiziqish uyg`otadi, deb o`ylayman.

Buyuk ingliz olimi Isaak Nyutonni bilmagan yoki uning ilm-fanga qo`shgan ulkan hissasidan bexabar inson bugungi kunda kunda dunyoda yo`q bo`lsa kerak. Chunki allomaning nomi va olamshumuml kashfiyotlari hammamizga maktab darsliklaridan ham ma`lum.

Shu o`rinda Nyutonning hayoti va ilmiy faoliyati haqida qisqacha ma`lumot berib o`tsak. U 1643 yilda tug`ilib, 1727 yilda vafot etgan. Fizika, matematika va boshqa qator fanlar bilan shug`ullanib, katta natijalarga erishgan. London Qirollik jamiyati a`zosi  va uning rahbari bo`lgan. Olamshumul  ilmiy ishlari uchun lord unvoni berilgan.

Nyuton butun olam tortishish qonuni yordamida  osmon jismlarining harakatini izohladi. U ishlab chiqqan mexanika va fizikaning asosiy vazifalari zamonasining ilmiy muammolari bilan uzviy bog`langan edi. Masalan, qator tadqiqotlari optik asboblarning kamchiliklarini bartaraf qilishga qaratilgan edi. Yorug`lik va ranglarning yangi nazariyasi ham fanda katta voqea bo`ldi.

Tarixdan ma`lumki, 1665-1666 yillarda Angliyada dahshatli ofat – o`lat yuz bergan. O`sha paytda yashaganlarning guvohlik berishicha, u faqat Londonda aholining to`rtdan bir qismi yostig`ini quritgan. Nyuton tahsil olayotgan Kembrijdagi Trinit kollejida ham mashg`ulotlar to`xtatilib,  barcha o`qituvchilar va talabalarga  karantinni uylarida o`tkazish uchun nomuayyan muddatga ta`til e`lon qilingan.

Yigirma yoshli Isaak kitob-daftarlari va anjomlarini olib, oltmish chaqirim masofada joylashgan Linkolnshir grafligidagi  Vulstorp qishlog`iga yo`l oladi. Bu erda uning ota-onasidan qolgan erlari bor edi.  Diqqatga sazovor tomoni shundaki, u o`zining qator kashfiyotlarini, jumladan, butun olam tortishish qonunini aynan o`zini “yakkalagan” mazkur davrda yaratdi.

Bu to`g`rida azaldan latifanamo gaplar ham bor. Ya`ni, aytishlaricha Nyuton  odatda daraxtlar ostiga qo`yilgan stolda ijod qilib o`tirarkan.   Kunlardan bir kuni shu erda to`satdan  boshiga olma kelib tushadi. Mazkur hodisa uni o`ylashga majbur etadi va pirovard natijada erning tortishish kuchi borligi haqidagi g`oya yuzaga keladi.

To`g`ri, qonunning yaratilishiga olma sababligi haqida uning o`zi hech qanday yozuv yoki guvohlik qoldirmagan. Biroq olimning do`sti Uilyam Staklining xotiralariga ko`ra olma haqidagi gapni unga Nyutonning o`zi aytib bergan. 1726 yilda ikkovlon o`sha olma daraxti o`sgan bog`da choy ichib o`tirishgan. Shunda olim beixtiyor bir paytlar xuddi shunga o`xshash vaziyatda butun olam tortishish qonunini kashf etganini eslagan. Darvoqe, ana shu olma daraxti qariyb yuz yil muzey eksponati sifatida saqlangan va uni ziyorat qilgani kelib turishgan.

Qisqasi, “o`zini yolg`izlash” tufayli Isaak Nyuton ana shunday olamshumul kashfiyotning muallifiga aylangan. Bunday ajoyib misollarni hayotdan ko`p keltirish mumkin. Kelgusi maqolada ulug` rus shoiri Aleksandr Sergeevich Pushkin ijodiga taalluqli holatlar bilan tanishtiramiz.

Nurbek ABDULLAEV

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1