AsosiyJamiyat

"Qo`yliq"da karantinga amal qilish qiymati qimmatlik qilmoqdami?

Poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan "Qo`yliq dexqon bozori" nafaqat Toshkent shah...

'"Qo`yliq"da karantinga amal qilish qiymati qimmatlik qilmoqdami?'ning rasmi

Poytaxtimizning Bektemir tumanida joylashgan "Qo`yliq dexqon bozori" nafaqat Toshkent shahri aholisi, balki butun respublika bo`yicha ahamiyati yuqori bo`lgan bozorlardan biridir. Yurtimizda karantin e`lon qilinganidan buyon mazkur bozorda ham qat`iy chora-tadbir sifatida cheklovlar o`rnatildi. Ayni paytda bozor hududiga kirib-chiqayotganlarning har biri nazoratdan o`tkazilmoqda. Shu maqsadda kirish-chiqish tunneli ham o`rnatildi. Sanitariya-epidemiya qoidalariga to`liq rioya qilingan holda haridorlarga xizmat ko`rsatilmoqda.

Ammo shunga qaramay, ba`zi sotuvchilar o`rnatilgan ushbu tartiblarni qo`pol ravishda buzib, bozor tashqarisidagi avtoturargohda o`zboshimchalik bilan savdo-sotiq ishlarini olib borishdi. Pala-partish o`rnatilgan savdo rastalarining gigienik holati mutlaqo talabga javob bermaydi. 

Bugun karantin talablariga amal qilmaslikning oqibatini ijtimoiy tarmoqlar orqali dunyo hamjamiyatida yuz berayotgan voqealardan kuzatib turibmiz. To`g`ri, hozirgi kunda xalqimizga oson emasligini ham yaxshi his qilamiz. Ammo biz shu yo`sinda o`zboshimchalik bilan ish tutaversak, hozirgi holatimiz bundan ham battar bo`lishi mumkinligini doimo yodda tutishimiz zarur. Davlatimiz o`z fuqarolariga g`amxo`rlik qilishda aslo yordamini ayayotgani yo`q. Ijtimoiy himoyaga muxtoj oilalar uchun ro`zg`or mahsulotlari etkazib berilayotgani ham bunga bir dalildir. Qolaversa, tadbirkorlar uchun soliq imtiyozlari ham berilmoqda. Bularning barchasi xalq manfaatlari yo`lida olib borilayotgan ishlardir. Buning evaziga so`ralayotgan birdan-bir talab esa karantin qoidalariga so`zsiz amal qilishning joizligidir.

Biroq bu talabni buzishayotgani etmagandek, mazkur avtoturargohni o`z savdo manziliga aylantirib olganlar hokimlik va IIB organlari xodimlarining qonuniy hatti-harakatlarini noto`g`ri talqin qilib noxolislik bilan ijtimoiy tarmoqlarda jar solishmoqda. Hozir birov birovni qo`rqitadigan zamon emas. Bunga hech birimizning haqqimiz yo`qligini ham juda yaxshi bilamiz. To`g`ri tushuntirish va qonuniy amalga oshirilgan ishlarni madaniyatsizlarcha atayin buzib ko`rsatish xalq va davlat o`rtasidagi ishonchni buzishga xizmat qilmaydi deb kim ayta oladi. Xulosa esa o`zingizdan…  

Mehriniso BOBONAZAROVA O`zbekiston «Adolat»SDP Toshkent shahar Kengashi matbuot kotibi

    Boshqa yangiliklar