Andijonda Xalqaro tennis federasiyasi (ITF) taqvimidan joy olgan nufuzli turnir boshlandi. Unda o`ndan ziyod davlatdan kelgan yuz nafarga yaqin tennischi bosh sovrin uchun bahslashmoqda.
Mazkur musobaqada mamlakatimiz sharafini Sanjar Fayziev, Shonig`matjon Shofayziev, Temur Ismoilov, Sannatullo Qutiboev, Jahongir Jalolov, Nigina Abduraimova, Sabina Sharipova, Vlada Ekshibarova, Arina Fols, Albina Xabibulina kabi mahoratli tennischilarimiz himoya qilmoqda, deya xabar beradi O`zA.
Yakkalik bahslarining birinchi davrasida ikki hamyurtimiz – Jahongir Jalolov va Abror Isoqov bahslashdi. Unda Jahongir 6:1, 2:6, 6:2 hisobida g`alaba qozondi. Shonig`matjon Shofayziev yosh tennischimiz Ahad Ermatovni 6:1, 7:6 hisobida engdi. Sanjar Fayziev qozog`istonlik Timur Xabibulinga qarshi kortga chiqib, 6:3, 6:3 hisobida zafar quchdi. Shuningdek, tennischilarimizdan Grigoriy Reytman, Temur Ismoilov, Pavel Soy ham birinchi davradan muvaffaqiyatli o`tdi.
Qizlar o`rtasidagi juftlik bahslari birinchi davrasida Nigina Abduraimova va yaponiyalik Hiroko Kuvata hamyurtlarimiz Arina Fols va Go`zal Yusupovani 6:3, 6:3 hisobida mag`lubiyatga uchratdi. Albina Xabibulina va Polina Merenkova juftligi Shahnoza Xamatova va rossiyalik Varvara Kuksinani 7:6, 6:0 hisobida, Sabina Sharipova hamda rossiyalik Anna Morgina qozog`istonlik Kamila Kerimbaeva va ukrainalik Valeriya Straxovani 6:2, 6:1 hisobida engdi.





