12,5 foiz oqsil bo`lgan Rossiya bug`doyining bir tonna narxi o`tgan haftada 222 dollarga tushib ketdi, bir hafta oldin uning qiymati 232 dollarni tashkil etgan edi. Bu haqda "Reyter" agentligiga tayanib, "O`zbekoziqovqatxolding" xabar qildi.
Tahlilchilar ma`lumotiga ko`ra, joriy yilning may-iyun oylarida Rossiya Federasiyasi qariyb 3 million tonna don eksport qiladi.
Mamlakat Qishloq xo`jaligi vazirligi ikkinchi chorakda donli mahsulotlari eksporti uchun kvota to`liq tanlanganligini ma`lum qilgan. Ammo Rossiya kvota bo`yicha e`lon qilingan barcha tovarlar eksport qilinganidan keyingina chet elga etkazib berishni to`xtatadi.
Marketing mavsumi boshidan to 23 aprelgacha Rossiya 34,1 million tonna donli mahsulotlarni eksport qilishga ulgurgan, bu o`tgan yilning shu davriga nisbatan 12 foizga kam degani. Xususan, bug`doy eksporti 29,2 million tonna (o`tgan yilga nisbatan 10 foizga kam), arpa 2,66 million tonna (35 foizga kam), makkajo`xori 2,21 million tonna (2 foizga ko`proq)ni tashkil qilgan.
Qayd etilishicha, Rossiya ichki bozorida bug`doy, o`simlik yog`i narxlari oshgan, shakar narxi esa tushgan.