1

O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi

Siyosat 08.05.2020, 12:00
O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlarining telefon orqali muloqoti bo`lib o`tdi

O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev 8 may kuni Qozog`iston Respublikasi Prezidenti Qasim-Jomart Toqaev bilan telefon orqali muloqot qildi.

Suhbat avvalida davlat rahbarlari yaqinlashib kelayotgan bayram – fashizm ustidan qozonilgan G`alaba kuni munosabati bilan bir-birlarini tabriklab, mamlakatlarimiz faxriylari va birodar xalqlariga tinchlik, sihat-salomatlik va farovonlik tiladilar.

Chegaraoldi hududlarda Sardoba suv omboridagi favqulodda hodisa oqibatlarini bartaraf etish maqsadida yaqin hamkorlikni davom ettirishga alohida e`tibor qaratildi.

Jabr ko`rgan tumanlarda aholiga manzilli yordam ko`rsatish va infratuzilmani tiklash bo`yicha navbatdagi qadamlar kelishib olindi.

Prezidentlar koronavirus infeksiyasi tarqalishi bilan bog`liq joriy epidemiologik vaziyatni ham ko`rib chiqdilar. Pandemiyaga qarshi kurash, aholi va biznes uchun cheklovlarni bosqichma-bosqich yumshatish borasida mamlakatlarimizda ko`rilayotgan choralar qo`llab-quvvatlandi.

Muloqot chog`ida savdo-iqtisodiy sohada erishilgan kelishuvlarni tez fursatlarda amalga oshirish, jumladan, avtomobilsozlik, qishloq xo`jaligi, qayta ishlash sanoati, transport va logistika, boshqa tarmoqlarda istiqbolli loyihalarni tayyorlash va ilgari surish muhimligi qayd etildi.

O`zbekiston va Qozog`iston Prezidentlari xalqaro ahamiyatga molik qator masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar.

Suhbat yakunida ko`p asrlik do`stlik, yaxshi qo`shnichilik va strategik sheriklikka asoslangan keng ko`lamli O`zbekiston-Qozog`iston hamkorligini kengaytirishga intilish qat`iy ekani ta`kidlandi.

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1