Diniy ulamolar koronavirusdan vafot etganlar shahid bo`lishini aytmoqda. O`z A shu va shahidlik darajasi bilan bog`liq boshqa holatlarga O`zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo bo`limi mutaxassisi Hikmatulloh TOShTEMIROV orqali oydinlik kiritdi.
– Diniy manbalarga nazar solsak, shahidlik darajasiga faqat Alloh yo`lidagi jangda o`lganlargina emas, balki boshqa toifa mo`minlar ham erishishi ma`lum bo`ladi, – dedi H.Toshtemirov. – Payg`ambarimiz alayhissalom o`lim to`shagida yotgan sahoba Abdulloh ibn Sobit raziyallohu anhuni ko`rgani keldilar. Shunda sahobiyning qizi: “Koshki bunday o`lim topganlaridan ko`ra shahid bo`lsalar edi”, dedi. Unga javoban Payg`ambarimiz alayhissalom: “Unday bo`lsa, ummatimni ichida shahidlar juda kam ekanda!? Alloh taolo unga niyatiga yarasha beradi. Sizlar shahidlikni nima deb o`ylaysizlar?” dedilar. Ular: “Alloh yo`lida halok bo`lish”, deyishdi. Shunda Payg`ambarimiz bunday deb marhamat qildilar: “Allohning yo`lida o`lishdan tashqari shahidlik etti xildir: vabodan o`lgan shahid, cho`kib o`lgan shahid, zotiljamdan o`lgan shahid, qorin og`rig`idan o`lgan shahid, kuyib o`lgan shahid, biror narsa ostida qolib o`lgan shahid, homilasi (tug`ruq) sabab o`lgan shahiddir”.
Ya`ni, haqiqiy shahidlik Alloh yo`lida dushman bilan jangda o`ldirilish bo`lsa (uni kiyimi bilan, yuvmasdan janoza o`qib, ko`miladi), Payg`ambarimiz alayhissalom yuqorida sanagan etti toifa insonlar hukmiy shahidlik darajasiga erishadi. Ularga o`limi oldidan qattiq og`riq va alamni his qilgani sababli shu daraja beriladi. Bu dinimizning turli fojialarda vafot etgan insonlarga katta marhamatidir. Hukmiy shahidlar ham haqiqiy shahidlar kabi Alloh taoloning to`liq mukofotiga sazovor bo`ladi. Ularning haqiqiy shahiddan farqi yuviladi, kafanlanadi va janoza o`qib dafn qilinadi.
Koronavirusning qurbonlari tarixda bo`lgan vabolarnikidan ko`p bo`lsa ko`pki, aslo kam emas. Demak, koronavirusdan vafot etayotgan mo`min-musulmonlar ham vabodan o`lganlar kabi shahid hukmidadir. Oisha onamizdan rivoyat qilingan hadisda vabodan vafot etganlar nima sababdan shahidlik martabasiga erishishi ochiq bayon qilinadi. Payg`ambarimiz alayhissalom shunday deydilar: “Vabo – (avvalgi paytda) Alloh taolo o`zi xohlagan kishilarga yuboradigan azob edi. (Keyin) Alloh taolo uni mo`minlarga rahmat qildi. Qaysi bir banda vaboga uchrasa va o`z shahrida sabr qilib, savob umidida (shahardan chiqib ketmasdan) tursa, Alloh taolo taqdir qilgan narsagina unga tekkanini bilsa (e`tiqod qilsa), unga shahidning ajricha savob beriladi”.
Bu hadisi sharifdagi muhim nuqta, vabo paytida musulmon shahid darajasiga etishi uchun bir nechta shartlar bor:
1. Vabo chiqqan shaharda besabrlik qilmasdan, jazavaga tushmasdan sabr bilan, Alloh taoloning taqdiriga rozi va taslim bo`lib muqim turish.
2. To`g`ri e`tiqodda bo`lish, ya`ni ehtiyot choralarini ko`rish bilan birga, unga faqat Alloh taolo belgilagan narsa bo`lishiga ishonish.
3. Vabo paytidagi qiyinchiliklar evaziga savob umid qilish.
Hofiz ibn Hajar Asqaloniy vabo sababli shahidlik darajasini oladiganlar uch xil bo`ladi deydilar:
1. Yuqorida maqtalgan sifatlarga ega bo`lib, vabodan vafot etgan kishi. Bu eng yuqori daraja.
2. Maqtalgan sifatlarga ega bo`lib, vabo tegib, keyin tuzalgan kishi. Bu avvalgisidan pastroq daraja.
3. Maqtalgan sifatlarga ega bo`lib, vabo tegmagan kishi. Bu shahidlikning eng keyingi darajasi.
Agar kishi vabo tarqalgan paytda yuqoridagi maqtalgan sifatlarga ega bo`lmas ekan, vabodan o`ladimi yo boshqa narsadan o`ladimi shahidlik darajasiga eta olmaydi (“Fathul boriy” kitobi).
Demak, koronavirus sababli vafot etganlar bilan birga, kasallanib tuzalganlar, kasallanmasada karantinda sabr qilib, to`g`ri e`tiqodda savob umid qilib turganlar ham mazkur ulug` savoblarga erishadilar.
Alloh taolo dunyo xalqlaridan, xususan yurtimizdan bu baloni ko`tarsin, bemorlarimizga shifoi komil bersin. Shu og`ir kunlarda uyda bo`lganimizda biz uchun ko`cha-ko`yda xizmat qilgan barcha yurtdoshlarimizni murodiga etkazsin. Omin.






