AsosiySport

NEYMAR: “Millionlar o`yini”dagi millionlab “o`yin”lar

Braziliyalik Neymar so`nggi yillarda jahonning eng kuchli fustbolchilaridan biriga aylanib boryapti. Futbolchining “Barselona” klubiga ko`chib o`tishi natijasida, uning o`yinida yanada ko`tarilish bo`ldi. Neymar maydonda aqlbovar qilmas harakatlari bilan tanilgan. Qolaversa, futboldan tashqi hayoti ham ko`pchilik uchun namunali bo`lishi mumkin. Quyida o`sib kelayotgan iqtidor egasining sirli va g`aroyib olami bilan tanishib chiqamiz.

                            O`rtaxol, ammo iqtidorli...

         Neymar da Silva Santos Junior 1992 yilning 5 fevral kuni Braziliyaning San-Paulu shtatining Moji-das-Kruizis shaharchasida dunyoga kelgan. Futbolchining oilasi o`rtaxol edi. Uning millionlar o`yiniga kirib kelishi jarayoni xususida futbolchining otasi Neymar Santos Junior shunday eslaydi:

         “Neymar boshqa bolalardan ajralib turardi. Ba`zi bolalar  bolalik paytlarida turli o`yinchoqlarni o`ynashni yoqtirsa, uning dunyoqarashi o`zgacha edi. Aniqrog`i, Neymar to`p o`ynashni va koptok bilan mashg`ul bo`lishni istardi. Shu sababli uning qiziqishlaridan kelib chiqib, 7 yoshida futbol maktabiga berishga qaror qilganmiz”.

         1999 yilda Neymarning ota-onasi uni “Santos” klubi futbol maktabiga o`qishga olib bordi. Aytish kerakki, yigitcha o`z tengqurlari orasida juda iqtidorli edi. Mashg`ulotlar va o`yin vaqtida uning takrorlanmas harakatlari ko`pchilikning aqlini olgan. Shu sababli Neymar tez ulg`ayib, klubning asosiy  tarkibiga qo`shilib ketishga urindi. Biroq Neymar boshqa bolalar singari ikkita-uchtalab  butsaga ega emasdi. U doimiy ravishda bitta butsasidan foydalanishga urinardi. Shunga qaramay, o`rtaxol oila vakillari bo`lajak yulduzchani tezroq yaxshi darajaga chiqishi uchun qo`lidan kelgancha yordamlarini ayamasdi.

         Neymar “Santos”ning turli yosh toifasidagi jamoalarida to`p surib, nihoyat 2008 yilda asosiy jamoa bilan professional shartnoma tuzdi. O`sha yilning o`zidayoq ko`plab gollar muallifiga aylandi. Kelgusi mavsumda esa birinchi yutug`ini qo`lga kiritdi. Shu tariqa futbolchi 2013 yilgacha “Santos”ning etakchisiga aylanib keldi. 2013 yilning mayida  esa “Barselona” klubi braziliyalik iqtidorli futbolchini sotib olishni uddasidan chiqdi. Uning bu transferi ko`plab mojarolarga sabab bo`ldi. Bu haqda keyinchalik batafsil bilib olasiz.

                            Oilaviy muhit

         ... Neymar tug`ilib o`sgan Moji-das-Kruizis shaharchasi jinoyatchilik avjiga chiqqan hududlardan  biri hisoblanardi. Neymar qatori bolalar asosan o`g`irliklar, turli jinoyatchilik ishlariga aralashib yurishardi. Qahramonimiz esa oilasidagi etishmovchilik, moddiy tomondan kamchiliklar sababli, o`rtoqlaridan uzoqroq yurardi.

Boz ustiga uning amakivachchasi Souza Ribero ham millionlar o`yini bilan mashg`ul bo`lgan, biroq irodasi etishmasligi sababli, o`zini jinoyatchilikka urgan. Mana shunday voqeallar sababli, Neymar yanada kuchli va mexnati evaziga o`sib bordi. Ilgarilari bitta butsada to`p surishga odatlangan futbolchi keyinchalik olayotgan daromadi sababli, oilasi bilan mamlakatning markaziga, qimaatbaho villalarning biriga ko`chib o`tdi. Ilgarigidek endi u ota-onasi maoshiga qarab kun ko`rmasdi. Futbolchining o`zi ortda qolgan o`tmishi xususida shunday deydi:

         -Men ba`zi bir o`rtoqlarimdan uzoqroqda yurishga majbur edim, - deya eslaydi futbolchi. -  Mashg`ulotlardan uyga qaytib kelgan kezlarimda ham, do`stlarimning oldiga oshiqmasdim. Sababi shuki, biz istiqomat qiladigan tumanni  tinch deb bo`lmasdi. Jinoyatchilik ayni avjiga chiqqan paytlarda, to`p tepib, malakamni oshirishga urinardim. Keyinchalik do`stlarim men bilan fahrlana boshladi. Nimagaki, ularning davrasiga qo`shilmasdan mehnat qilib, qanday darajaga chiqqanim, do`stlarim uchun namuna edi.

                        “Barselona” Neymar uchun qancha bergan?

         “Barselona” klubi uzoq vaqt davom etgan muzokaralardan so`ng Neymarning transfer huquqini sotib oldi. Aytish kerakki, bu transfer matbuotda  57 million evro deya  baholandi.

O`sha paytda kataloniyaliklarning prezidenti Sandro Rossel bo`lib, transferni amalga oshishida uning xizmatiga katta bo`ldi. Biroq keyinchalik olib borilgan surishtiruv ishlari sababli, ma`lum bo`ldiki, Neymar “Barselona” uchun juda katta mablag`ga tushgan. Uzoq vaqt olib borilgan sud jarayonlari natijasida, Neymarning otasi katta Neymar Santos Junior Rosseldan qo`shimcha mablag` olganligi aniqlandi. Rossel futbolchining oila a`zolariga ham 20 million evrodan ortiq mablag` berganligi ma`lum qilindi. Qolaversa, “Santos”ga berilgan mablag`  57 million emas, 96 million evro ekani ma`lum bo`ldi. Shuningdek, bu transfer ortidan Sandro Rossel salkam 40 million evroni o`z cho`ntagiga urgani  ma`lum qilindi. Natijada, UEFA va FIFA transferning barcha ikir-chikirlari bilan o`zlari shug`ullanishga qaror qildi. Buning oqibatida Rossel “Barselona” prezidentligi lavozimidan chetlatildi. Klubning esa transfer bozori vaqtida savdolarni amalga oshirmasligi to`g`risida qaror qabul qilindi.

                   Yangi mojaro. Yangi surishtiruv...

         Ma`lum bo`lishicha, Neymarning oila a`zolari tomonidan “Barselona”dan olingan qo`shimcha mablag` sir tutilgan. Shu sababli, futbolchining o`zi ham bunday ma`lumotlarga ishonmagan. Sud tekshiruvlaridan so`ng katta Neymar Santos Junior barcha ayblarni tan oldi. Bundan xabar topgan futbolchi ancha vaqt o`ziga kela olmaganligini ta`kidladi.

         -So`nggi paytlarda mening transferim borasida yuzaga kelgan mish-mishlar, turli fikrlar o`yinimga o`z ta`sirini ko`rsatmoqda. To`g`risi, oila a`zolarimning qo`shimcha tarzda mablag` olganlari meni esankiratib qo`ydi. Tan olishim kerakki, bundan xabarim yo`q edi.

            Futbolchining otasi Neymarning sudga bersa-ya?

         Umuman olganda, qahramonimizning otasi ilgarilari ham bir qator qing`ir ishlarga aralashib qolgan. Shunday kezlarda, Neymar otasini yonini olib, katta miqdordagi jarimalar evaziga uni qamoq jazosidan asrab qolgan.

Mana shunday voqeallarning yana biri o`tgan yili ro`y berdi. Futbolchi bugungi kunda “Barselona”da yiliga 8,8 million evro maosh oladi. Aytish kerakki, bu mablag` futbolchining oilasini boqishga ortig`i bilan etadi. Shunday bo`lsa-da, Braziliya sudi katta Neymar Santos Juniorning soliqlarni o`z vaqida to`lamaganlikda ayblov bilan unga nisbatan jinoiy ish ochadi. Buni qarangki, qing`ir ishlarga aralashaverib, ustasi farang bo`lib ketgan otasi o`g`lini sudga berishga qaror qiladi. Evropa qonunchiligida ota va bolani bir-birini sudga berishi odatiy xol. Xullas, sud ishlari natijasida, Neymar 4 million evro jarima to`lashga majbur bo`ldi.

                   Karolina va Neymar: baxtli oila formulasi

         Braziliyalik iqtidorli futbolchi Neymar yosh bo`lishiga qaramay, yolg`iz emas. Futbolchi sevgilisi Karolina bilan baxtli hayot kechirmoqda. Ularning bir nafar o`g`li bo`lib, uning ismi David Lukkudir. Futbolchi rafiqasi borasida berilgan savollarga doimo bir xil javob qaytarishga odatlangan.

         - Qiyin vaqtlarimda u bilan doimo birga bo`lib kelganman. To`g`ri, o`tgan yil jahon chempionati arafasida men haqimda tarqalgan ba`zi bir ma`lumotlardan keyin, rafiqamni ranjitganligimni bilaman. Biroq men o`shanda shunchaki sayohat chiqqanimni va ayta olaman xolos. Men Karolina bilan baxtliman. Shahsiy hayotimni doimo ko`z-ko`z qilish menga xos emas”.

         Bir tomondan ularning oilasini baxtli deyish mumkin. Yana boshqa tomondan olib qaralsa, Neymarning ham xiyonatga moyilligi borligini ko`rish mumkin. Gap shundaki, futbolchi o`tgan yili Braziliyada bo`lib o`tgan jahon chempionatidan oldinroq mashhur ashulachi (ismi sir tutilgan) bilan yaqin munosabatda  bo`lganligi haqida mish-mishlar bolalab ketgandi. Qolaversa, ularning dam olish uchun sayyohatga chiqqani to`g`risidagi ma`lumotlar OAVning asosiy mvzusiga  aylangandi.    

       Omadli, ishbilarmon, olijanob...

         Neymar olayotgan pullarining ma`lum qismini xayriya ishlariga  sarf qilishga odatlangan. Futbolchi Braziliyada bo`lgan kezlarida, doimiy ravishda nochor oilalarga o`z yordamini berib keladi. Qolaversa, og`ir xastalik bilan kurashayotgan bemorlar uchun shifoxonalarga mablag` o`tkazib turishni ham kanda qilmaydi. Shu sababli, futbolchini sahiy insonlardan biri desa bo`ladi.

         Boz ustiga futbolchi ko`plab reklama roliklarning yuzi hisoblanadi. “Red Bull”, “Santander”, “Unilever”, “Volkswagen” cingari mashhur firmalar bilan shartnoma tuzgan bo`lib, yiliga katta miqdorda gonorar olib turadi.

                                      Aktyorlikni ham qoyillatadi

         Qahramonimiz kino sohasida ham o`zini sinab ko`rgan. U filmalarni tomosha qilishni va shu bilan birgalikda aktyorlik mahoratini ko`rsatishni yoqtiradi. Shu sababli 2013 yilda futbolchi Braziliyalik rejissyorlar tomonidan suratga olingan “Hayotni sevaman” serialida ham suratga tushgan.  Keyinchalik futbolchi yana filmlarda ko`rinish berishga tayyorligini ma`lum qilgan.

                            Izzat ABDUVAHOB tayyorladi.

 

 

                                      

    Boshqa yangiliklar