O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoev “Jazo muddatini o`tayotgan, qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan bir guruh shaxslarni afv etish to`g`risida”gi Farmonni imzoladi.
Farmonga muvofiq, O`zbekiston Respublikasi Konstitusiyasining 93-moddasi 23-bandiga asosan sodir etgan jinoyati uchun jazoni ijro etish muassasalarida jazo o`tayotgan hamda qilmishiga chin ko`ngildan pushaymon bo`lgan va tuzalish yo`liga qat`iy o`tgan 258 fuqaro afv etildi.
Afv etilgan shaxslarning 16 nafari asosiy jazodan ozod etiladi, 101 nafari jazoni o`tashdan muddatidan ilgari shartli ozod qilinadi, 24 nafarining ozodlikdan mahrum etish jazosi engilroq jazo bilan almashtiriladi. Shuningdek, 117 shaxsga tayinlangan ozodlikdan mahrum etish jazosining muddatlari qisqartirildi.
Afv etilganlarning 7 nafarini 60 yoshdan oshgan erkaklar, 1 nafarini ayol, 7 nafarini chet davlat fuqarolari, 164 nafarini taqiqlangan tashkilotlar ishtirokchilari tashkil etadi.
Farmon ijrosi yuzasidan afv etilgan shaxslarni oilasi va yaqinlari bag`riga qaytarish, ijtimoiy hayotga moslashib, foydali mehnat bilan shug`ullanishi, sog`lom turmush tarzini yo`lga qo`yib, jamiyatda munosib o`rin topishi uchun ko`mak berish bo`yicha mas`ul vazirlik va idoralarga tegishli topshiriqlar berildi.