Internet tarmoqlarida o`smirlar tiz cho`kkan tengdoshini tahqirlaganliklari tushirilgan video tarqaldi. Bu video bo`yicha IIV munosabat bildirdi.
Ma`lum qilamizki, joriy yil 13 aprel kuni internetda ushbu video paydo bo`lgach, tahqirlangan voyaga etmagan A.Sh.ning onasi Mirzo-Ulug`bek tumani IIO FMB 9-son ichki ishlar bo`limiga ariza bilan murojaat qilib, tegishli chora ko`rishni so`radi.
Tekshiruv davomida ma`lum bo`lishicha, joriy yil 25 mart kuni taxminan soat 15.00 da Mirzo-Ulug`bek tumanidagi 219-son maktab yonida 17 yoshli Davron X. va 16 yoshli Otabek I.lar ularni so`kkan A.Sh.ni ta`zirini bermoqchi bo`lishgan. Ular rivojlanishida kamchiligi bo`lgan A.Sh.ni tiz cho`kishga va kechirim so`rashga majbur qilib, uning boshiga ikki marta urganlar. Shu bilan birga o`smirlarda karantin davrida tibbiy niqoblari bo`lmagan. Video:
IIV xabarida ma`lum qilinishicha belgilangan sud-tibbiy ekspertiza davomida A.Sh.da tan shikastlari aniqlanmagan. Shu sababli jinoiy ish qo`zg`atilmaganligi aytilmoqda.
Ammo o`smirlarning hatti-harakatlarida O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 54 moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) va 183 moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarliklar kuzatilgan.
Mazkur faktlar asosida ma`muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. To`plangan ma`lumotlar Mirzo-Ulug`bek tumani ma`muriy sudiga yo`naltirildi.
23 aprel kuni Mirzo-Ulug`bek tumani ma`muriy sudida yig`ilish o`tkazildi. Sud o`smirlar va ularning ota-onalari ishtirokida bo`lib o`tdi.
Tomonlar ko`rsatmalari eshitilgach, sud Davron X. va Otabek I.larni O`zbekiston Respublikasi Ma`muriy javobgarlik to`g`risidagi kodeksining 54 moddasi (“Epidemiyalarga qarshi kurash qoidalarini buzish”) va 183 moddasida (“Mayda bezorilik”) nazarda tutilgan huquqbuzarliklarni sodir etganlikda aybdor deb topib, ularning har birlariga 1 115 000 so`mdan jarima soldi.
Bundan tashqari, Davron X. va Otabek I.lar Mirzo-Ulug`bek tumani IIO FMBning profilaktik hisobiga kiritildilar.






