1

#Ramazon-2020. Bu yil Ramazon bayramini qanday nishonlaymiz, Hayit namozi o`qiladimi?

Jamiyat 23.05.2020, 03:20
#Ramazon-2020. Bu yil Ramazon bayramini qanday nishonlaymiz, Hayit namozi o`qiladimi?

Bu yilgi oylar sultoni – Ramazon har qachongidan ham o`zgacha kechdi. Koronavirus infeksiyasi tufayli joriy etilgan karantin sabab bu yil Ramazon oyida yurtimizning barcha mo`min-musulmonlari uylarida oila a`zolari bilan birgalikda tarovih namozlarini o`qib, Qur`oni karimni xatm qilishdi.

Ramazon oyi ham poyoniga etib qoldi. Kuni kecha O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ramazon hayitini nishonlash to`g`risida”gi qarori qabul qilindi. Ushbu hujjatga binoan Ramazon hayiti yurtimizda joriy yil 24 may kuni nishonlanadi.

Ayni paytda barcha mo`min-musulmonlarni “Ramazon hayitini qanday nishonlaymiz? Hayit namozi o`qiladimi?” kabi savollar o`ylantirayotgani tabiiy.

Qolaversa, kecha ayrim mahalliy saytlarda Saudiya Arabistoni Ulamolari Kengashi raisi va Ilmiy tadqiqotlar boshqarmasi boshlig`i muftiy Abdulaziz Shayxning bu yilgi Ramazon hayiti namozini uyda o`qishga ruxsat bergani to`g`risida e`lon qilingan fatvosi haqida xabarlar tarqaldi.

Xo`sh, mamlakatimizda ham Abdulaziz Shayxning fatvosiga rioya qilinadi?

Avvalo, ta`kidlash joizki, yurtimizda hanafiy mazhabiga qat`iy rioya qilinadi. Saudiya arabistoniliklar esa hanbaliy mazhabini tutishgan. Shu bois, o`quvchiga tushunarli bo`lishi uchun bu masalaga oydinlik kiritishni lozim topdik.

Xabaringiz bor, bugun O`zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining 2020 yil Ramazon hayitini nishonlash to`g`risidagi Bayonoti e`lon qilindi.

Unga ko`ra, masjidlarda karantin davrida vaqtincha jamoat namozlari to`xtatilgani inobatga olinib, Ramazon hayiti namozini o`qish mo`min-musulmonlarning zimmasidan soqit bo`lgani qayd etilgan. Yurtdoshlarimizga hayit kuni quyosh terak bo`yi ko`tarilgandan keyin o`z xonadonlarida to`rt rakatli nafl namozi o`qishlari tavsiya etiladi.

Bilasiz, dinimizda ham bir narsa dalil-hujjatga asoslanadi. Hanafiy mazhabimizga ko`ra, hayit namozini biror uzr sababli masjidda katta jamoat bilan ado etish imkoni bo`lmasa, uni uyda alohida jamoat bilan o`qish joiz emas.

Mazhabimizning mo``tabar fiqhiy manbai bo`lgan “Bahrur roiq” asarida bunday deyiladi: “Imom bilan birga iyd namozini ado etish imkoni bo`lmasa, u qazo qilinmaydi. Chunki shariatimizda iyd namozini ma`lum shartlarga ko`ra o`qish ma`lum bo`lib, yolg`iz o`quvchi kishi uchun ushbu shartlar mukammal bo`lmaydi”.

Hayit namozi durust bo`lishi uchun hayit namozi o`qilishiga umumiy ruxsat (izni omma) bo`lishi va hayit namozini odamlarga muftiy tomondan tayinlangan kishi o`qib berishi kerak. Hayit namozi uyda o`qilganda mana shu shartlar topilmaydi. Buning natijasida namoz durust bo`lmaydi. Bu haqda Ibn Obidin rahimahulloh bunday deydilar: “Umumiy ruxsat – jome masjidi ochilib, odamlar kirishiga ruxsat bo`lishidir. Hatto, agar masjidda bir jamoat yig`ilib, eshikni yopib olib juma (yoki hayit) namozini o`qisalar, namozlari durust bo`lmaydi” (“Raddul muhtor” kitobi).

“Majma`ul anhur” kitobida yozilishicha: “Hayit namozi Zuho namozi o`rniga qo`yilgan. Hayit namozi biror uzr sababli o`qilmay qolsa, ikki yoki to`rt rakat nafl namoz o`qish mustahab bo`ladi. To`rt rakat o`qigan afzal”.

Demak, biz bu yil koronavirus infeksiyasi tufayli joriy etilgan karantin sababli uylarimizda hayit namozi o`rniga nafl namoz o`qiymiz.

Fursatdan foydalanib, barcha yurtdoshlarimizni Ramazon hayiti munosabati bilan samimiy muborakbod etamiz. Barchamiz uyda, oila davrasida qolib, karantin qoidalariga qat`iy rioya qilgan holda bayramni nishonlaymiz. Zero, dinimizda zararni daf qilish foydani jalb qilishdan oldinga qo`yiladi.

Nuriddin XOLIQNAZAROV,

Toshkent shahar bosh imom-xatibi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1