AsosiyJamiyat

Pandemiya tufayli Ramazon hayitida masofadan turib qutlash bo`yicha xotin-qizlarga Murojaat yo`llandi

'Pandemiya tufayli Ramazon hayitida masofadan turib qutlash bo`yicha xotin-qizlarga Murojaat yo`llandi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qo`llab-quvvatlash vazirining birinchi o`rinbosari E.Bositxonova hamda O`zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Din ishlari bo`yicha qo`mita raisining o`rinbosari, Respublika targ`ibot guruhi raisi D.G`ulomovalar Ramazon hayitini munosib nishonlash bo`yicha mamlakat xotin-qizlariga quyidagicha Murojaat yo`llashdi.

Ramazon hayitingiz muborak bo`lsin, aziz ayollar!

Qadrli opa-singillar, munis onaxonlar, lobar qizlarimiz!

Musulmon olamining eng aziz bayrami, ko`ngillarimizga shukuh bag`ishlab kelgan Ramazon hayiti muborak bo`lsin!

Bu go`zal bayram kunlari butun dunyoda va jumladan bizning mamlakatimizda ham tojli virus tufayli og`ir va murakkab davr hukm surmoqda. Bu og`ir kunlarda o`z sabr-toqati, saxovatpeshaligi, insonparvarligi bilan sinovlardan munosib o`tib kelayotgan matonatli xalqimizga chuqur ta`zim qilamiz!

Aziz ayollar!

Guvoh bo`lib turibmizki, epidemiologik vaziyat yumshagandek bo`lsa-da, butun dunyoda uning takrorlanish to`lqini juda katta xavf tug`dirmoqda. Bu xavfni har bir fuqaroning qat`iy tartib va intizomga rioya qilishi bilangina bartaraf etishimiz mumkinligini olimlar hamda siyosatchilar qayta-qayta takrorlashmoqda.

Biz ham ulug` ayyom kunlari ana shu ehtiyotkorlik hamda tartib-intizomni fuqarolarimiz, ayniqsa ayollarimiz va qizlarimiz o`zining kundalik hayot tarziga aylantirishi naqadar muhimligini yana bir bor Sizga eslatmoqchimiz!

Qolaversa, musulmon olamining ko`ngillar intiluvchi, diydori oshiqtiruvchi Makkai mukarramaga ziyoratlar, juma namozlari va jamoat bo`lib ibodat qilishlar chegaralangan bir paytda, Ramazon hayiti kunlari juda ko`p ezgu harakatlarimiz, xususan:

marhumlarni yod etish, yangi kelinchaklar qo`lidan Hayit choyini ichish va bayram bilan qutlash uchun xonadonlarga borish kabi qadriyatlarimizni karantin davrida amalga oshirmaslikka chaqiramiz!

Hayit bu ko`ngillar ozodalashgan, jismimiz ro`za sharofati bilan tozalangan kunlarda nishonlanadigan bayram. Keling uni farzandlarimizga sog`lom turmush tarzini, ilm olishni, jamiyatdagi qoidalarga amal qilib yashashni o`rgatish bilan nishonlaylik!

Odam diydori aziz, lekin hozirgi kunlarda bir-birimizni masofaviy qutlaylik! Toki, inson ruhini va o`zini tarbiyalashi uchun qat`iy tartib-intizom muhim ekanini farzandlarimiz va nabiralarimiz ham anglasinlar!

Aziz ayollar! Lobarlarimiz, dilbarlarimiz! Ko`ngillar erkasi dilband qizlarimiz!

Shukuhli bayramning nurlari barcha tashvishlarimizni aritib yuborsin!

Yaratgandan Sizga sog`lik-salomatlik, boshi omonlik tilab qolamiz!
 

    Boshqa yangiliklar