1

Soxta diniy «arbob»ning chet eldagi «yurishi» poyoniga etdi

Jinoyat 25.05.2020, 12:55
Soxta diniy «arbob»ning chet eldagi «yurishi» poyoniga etdi

Mamlakatimizning amaldagi qonunlarida qayd qilinganidek, o`zgalar qalbini buzg`unchi niyat yo`lida kuch yoki ruhiy ta`sir ostida egallash, boshqarish, izmiga yurgizish, tazyiq o`tkazish, azoblash huquqi hech kimga berilmagan.

Darhaqiqat, shunday: butun jahon, jumladan, yurtimizda tan olingan va ustuvor sanalgan demokratik tamoyillarga ko`ra, inson o`z hayot yo`lini o`zi tanlashi, ong-tafakkurini ham o`zi boshqarishi, yot va g`aliz qarashlardan o`zi­ni asrashi, uning quliga aylanmasligi darkor. Bu borada unga ta`sir o`tkazishga qaratilgan har qanday harakat qattiq qoralanadi.

Afsuski, xonqalik Murod Eshchonov (1993 yil tug`ilgan, hali uylanmagan) ana shu tamoyil — qonun talabini bilib turib, poymol etdi. U bu qora qilmishga jinoyat qonunchiligi talablarini bilmagan, anglamagan holda emas, aksincha, idrok etgan, hatto oqibatlarini yaxshi bilgan holda qo`l urdi.

Yurtimiz qonunchiligi din va vijdon erkinligini e`­ti­rof etibgina qolmaydi, unga to`la-to`kis amal qilinishini ham kafolatlaydi.

Buning uchun keng huquq, etarli imkoniyat va zarur shart-sharoitlar yaratadi. Va uqdirilganidek, yot hamda yovuzlik ruhi bilan yo`g`rilgan diniy aqidalar, buzg`unchilikka undovchi g`aliz va g`a­razli qarashlarni xususiy yo`l bilan ruhiy tazyiq, da`vat ostida o`zga birovlar ongiga singdirishga qaratilgan nojoiz amal va urinishlar qonunga zid holat hisoblanadi.

Xonqa tumanining Navxos qishlog`ida yashovchi M. Eshchonov qonunning ana shu tamoyilini 2018 yil poyoniga etar chog`i Turkiya Respublikasi sarhadini kesib o`tgach, birdan unutdi. Aniqroq aytganda, u ko`ra-bila turib, buz­g`un­chilik yo`liga kirdi. Atigi bir muddat novvoylik, so`ngra tikuvchilik korxonasida ishlar ekan, kunlardan bir kun u uzoq Xo­razm­ga sim qoqdi. Yaqinlari: otasi, onasi, sing­lisi va uning qallig`i Murodbekning da`vatini erda qoldirishmadi. Turkiyaga hayallamay etib kelishdi. Murodbek o`zi­ni shu erning xo`jayinlaridek his eta boshladi, dadilligi qo`zidi. Ko`ngli tinch va osuda mehnatni emas, buz­g`unchilikni qo`m­sadi. Taqvodorlikni kasb qilsayam, koshkiydi. Yo`q, bu yo`l unga ma`­qulmas. Oddiy taqvodorlikdan ish chiqmaydi. Bunday alfozda inson qalbini zabt etish, uni diniy aqidapa­rast­lik ko`chasiga etaklash amri mahol.

Bilasiz, ezgu maqsadlar: yalpi tinchlik, osoyishtalik, ahillik, bahamjihatlik, murosayu madora, bag`rikenglik, mehr-oqi­bat, kechirimlilik, saxovatpeshalik hislari va amallariga yo`g`­rilgan.

Afsuski, bunday ibratli hayot yo`li Murodbekka o`xshaganlarga xush kelmaydi.

Murodbek diniy aqidaparastlik, zo`ravonlik, buzg`unchilikning qo`lansa hidi an­qi­yotgan yovuz g`oyalar, qarashlarni o`z ona yurti va boshpana topgan manzil-makondagi yaqinlari, uzoq-yaqin tanishlari ongiga singdirish bilan kifoyalanmadi. O`nlarcha yurtdoshlari va Turkiyadagi tanish-bilishlarga mobil telefoni va yuzma-yuz holda uchirma qilingan da`vatlarni oz bildi. Oradan ko`p o`t­mayoq, tegishli internet makonida «Alhamdulillah», «www.facebook.com» ijtimoiy tarmog`ida «Murod Eshcha­nov», telegramm kanalida esa, «Alhamdulillah Muslim» deb nomlangan profillar paydo bo`ldi. Uning asoschisi Murodbekning shaxsan o`zi edi.

Siyosat hamda din olami tabiatidan boxabar bo`lganlar islom dunyosidagi nomatlub aqidaparast mullalar, shaxsiy maqsadi, jumladan, mo`may boylikni ko`zlagan g`araz niyatli korchalonlar, o`zini ulamo sifatida tanitishga urinayotgan g`alamis safsatabozlar va ularning qilmishlari tafsilotini birmuncha aniq bilishadi. Murod musulmon olamining nafrati va tavqi-lan`atiga uchragan ana shu buzg`unchi kimsalarning bulg`angan etagini tutdi. Ularning buzg`unchi «da`vati», «ma`ruza»lari, jonli ovozi bitilgan audio yozuvlar, videoroliklar, yovuzlik, qotillik, qattollik, zo`ravonlik manzaralari aks ettirilgan dahshatli tasvirlarni hech ikkilanmay o`z ixtiyoridagi ana shu tarmoqlarga joyladi va uni ko`rish, eshitishni barcha tanishu-notanishlarga tavsiya etdi. Shu asnoda o`zini alloma, olim, ulamo deb e`lon qilgan o`nga yaqin buzg`unchi mullalarning ma`ruza va da`vatlariga to`­lib-toshgan audio yozuv va videotasvirlar zikr etilgan saytlardan joy oldi. Bu ka­bi ruhiy ta`sir, tazyiq vositalarini to`plash, tarqa­tish borasidagi nomatlub faoliyat esa, qizigandan-qizidi. O`tgan yilning birgina 3 yarim oyi: 4 aprelidan 20 iyuligacha o`tgan vaqt mobaynida atigi bir kishi — A. Jabborovning uyali telefoniga qo`poruvchilik ruhidagi 12 ta videorolik va yana shuncha audio fayllar yuborilgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.

Pirovardida tergov organi tomonidan o`tkazilgan tadbirlar Murodbek xorijda ekstremizm va terrorchilikni targ`ib qilayotgan 40 nomdagi buzg`unchi tarmoqlarning elektron manzillarini o`zining tanish-bilishlariga oshkor etgani, ushbu manbalar orqali tarqatilayotgan yolg`on-yashiq, ig`vo va bo`htondan iborat da`vat va ma`ruzalar bilan har kuni va muntazam tanishib borishga undaganini ko`rsatdi. Tasvirlardagi dahshatli urush, qirg`in, zo`ravonlik manzaralari, tah­qirlash, ochlik, qahatchilikni ifodalovchi lavhalar inson ko`nglini xufton etishi, dilida bu yanglig` holatlarga nisbatan qahr va g`azab tuyg`ularini junbushga solishi turgan gap. Biroq Murodbek odamiylikning bu kabi ne`matlaridan allaqachon masuvo bo`lgan. Basharti, shunday bo`lmaganida, jirkanch va ayanch­li manzaralar, puch g`oya va da`vatlar bitilgan yozuv va tasvirlarni o`zgalarga aslo ravo ko`rmasdi.

Murodning da`vatlaridan o`zga yurtda birga yashayotgan ota-onasi, singlisi va uning umr yo`ldoshi ham «bahramand» bo`lishdi. Bunday da`vat va chaqiriqlaridan uning ushbu mamlakatda yashab ishlayotgan amakisi O. Eshchonov, qaynog`asi O`. Xo`­janiyozov, sinfdoshi T. Otajonov, yana ikki nafar yaqini S. Ro`zimatov, S. Panaevalar ham chetda qolishmadi.

Soxta diniy «arbob» M. Eshchonovning chet eldagi «yurishi» kechmish yili kuz, aniqrog`i, o`sha yilning 6 noyabr kuni poyoniga etdi.

«Istambul-Toshkent» avia yo`nalishi orqali yurtimizga etib keldi.

Yonidagi uyali telefoni xotirasi yot aqidalarga boy da`vat va ma`ruzalar, video tasvirlar bilan to`lib-toshganiga qaramay samoviy bandargohdagi bojxona va chegara ko`rigidan biron-bir moneliksiz o`tib oldi. Bunga chiqish joyidagi deyarli nazorat qilinmaydigan «yashil yo`lak» bo`ylab harakatlangani sabab bo`ldi.

Qa­riyb ming chaqirimlik Toshkent-Xonqa yo`li ham silliqina kechdi.

Ammo quyushqondan chiqqan qilmish silliqqina yo`qolmaydi, izsiz ham ketmaydi. Murodbekning diniy aqidaparastlik bobidagi anchayin «samarali» faoliyatining bor tafsiloti tergov-o`rganish tadbirlari jarayonida yuzaga chiqdi. Ustomon da`vatchi Jinoyat kodeksining jamoat xavf­sizligi va jamoat tartibiga tahdid soladigan materiallarni tayyorlash yoki tar­qatishga oid 244-1-moddasi 3-qismi «g» bandi va kontrabandaga doir 246-moddasi 1-qismiga binoan aybdor, deb topildi va ehtiyot chorasi sifatida sud tomonidan vaqtinchalik hibsga olindi. Sud ushbu aybni asosli deb hisobladi. Bunday vaziyatda aybga munosib jazo tayinlanmog`i zarur. Lekin masalaning uzrli taraflari bor va ishni batafsil ko`rib chiqqan jinoyat­ ishlari bo`yicha viloyat sudi mazkur holat, chunonchi, ayblanuvchi o`z qilmishiga astoydil iqrorligi, pushaymonligi, mash`um ha­rakatga oqibatini chuqur va obdon o`ylamagan, idrok etmagan alfozda qo`l urgani, oilaviy sharoiti, mahalliy o`zini-o`zi boshqarish organi tomonidan ijobiy tavsiflanganini inobatga oldi. Masalaga bag`rikenglik, kechirimlilik tamoyili asosida yon­dashdi. Pirovard natijada unga nisbatan Jinoyat kodeksining jazoni sezilarli darajada engillashtiruvchi 57-moddasini tadbiq etish maqsadga muvofiq, degan xulosaga kelindi. Tabiiyki, jazo ham ana shu modda talabi doirasida tayinlandi. Sudlanuvchi 3 yilu 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum etildi. U bu jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o`taydigan bo`ldi.

Xulosa shuki, inson – ezgulik uchun yaratilgan zot. Zero, ezgulikka qo`l berganlar doimo Yaratganning marhamatiga sazovor bo`lishadi. Unga shak keltirgan, xohish-irodasiga qarshi borganning holiga esa, havas qilib bo`lmaydi. Chunki ular nainki xudoning g`azabi, nafratiga uchraydilar, balki el-ulus qarg`ishiga ham duchor bo`ladilar.

Murodbekning ayni palladagi qismati boshqalar uchun ham hayot sabog`iga aylansa, ayni muddao bo`ladi.

Muzaffar Samandarov,  jinoyat ishlari bo`yicha Xorazm viloyati sudining sudyasi

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1