Surxondaryo viloyati Termiz shahrida yuzlab daraxtlarning noqonuniy kesilishi bilan bog‘liq jinoyat ishi yuzasidan sobiq mansabdorga hukm o‘qildi.
Tergov materiallariga ko‘ra, sobiq shahar qurilish bo‘limi boshlig‘i MChJ rahbari bilan oldindan til biriktirib, “Do‘stlik” mahallasi hududida joylashgan daraxtlarni ko‘chirish va hududni bo‘shatishni rejalashtirgan.
Qayd etilishicha, ekologiya idoralari tomonidan daraxtlarni kesish uchun ruxsat berilmagan. Shunga qaramasdan, hududdagi 217 tup daraxt noqonuniy ravishda kesib tashlangan.
Kesilgan daraxtlar orasida 61 tup Eldor qarag‘ayi, 36 tup Virgin archasi, 101 tup Sharq biotasi, 16 tup chinor hamda 4 tup tut daraxti bo‘lgan.
Mutaxassislar xulosasiga ko‘ra, ushbu holat oqibatida ekologiyaga 2 milliard 69 million so‘mdan ortiq zarar yetkazilgan.
Sud hukmi bilan sobiq mansabdor aybdor deb topilib, unga nisbatan 2 yil muddatga axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan. Shuningdek, uning qamoqda saqlangan vaqti hisobga olinib, yakuniy jazo 1 yil 5 oy 15 kun etib belgilangan.






