AsosiyJINOYAT

Buxoroda tuman sog'liqni saqlash bo'limi rahbari pora bilan qo'lga tushdi

Buxoro viloyatidagi tumanlardan birining sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘i pora olgan vaqtida ushlandi.

'Buxoroda tuman sog'liqni saqlash bo'limi rahbari pora bilan qo'lga tushdi'ning rasmi

Ma'lum qilinishicha, joriy yilda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limi hamda dori-darmon va tibbiy buyumlar ulgurji savdosi bilan shug‘ullanuvchi MChJ o‘rtasida 1 milliard 2 million so‘mlik shartnoma tuzilgan.

Dastlab shartnoma summasining 30 foizi MChJ hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. So‘ngra bo‘lim rahbari qolgan 70 foiz mablag‘ni ko‘chirib berish va kelgusidagi xaridlarni ham ushbu kompaniya orqali amalga oshirish evaziga shartnoma qiymatining 15 foizi — 150 million so‘m miqdorida pul talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati ma'lumotiga ko‘ra, mansabdor shaxs so‘ralgan puldan 11 ming 800 AQSh dollarini turmush o‘rtog‘i orqali olgan vaqtida tezkor tadbir davomida qo‘lga olingan.

Tergov jarayonida uning tumandagi oilaviy poliklinikalar xodimlari uchun ajratilgan 448 million so‘m rag‘batlantirish mablag‘ining 92 million so‘mini qayta yig‘ib olgani ham aniqlangan.

Holat yuzasidan sog‘liqni saqlash bo‘limi boshlig‘iga nisbatan pora olish va talon-toroj qilish moddalari bilan, MChJ vakiliga nisbatan esa pora berish moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.

    Boshqa yangiliklar