Davlat xavfsizlik xizmati Toshkent shahar boshqarmasi xodimlari tomonidan Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soliq inspeksiyasi xodimlarining korrupsion harakatlari fosh etildi.
Ma’lum bo‘lishicha, Bektemir tumani soliq inspeksiyasi sho‘ba boshlig‘i mahalliy tadbirkorga tegishli do‘konda xaridorga savo cheki berilmagani yuzasidan kelib tushgan murojaatni rasmiylashtirmaslik va ishni sudga oshirmaslik evaziga 4 million so‘m talab qilgan. Ushbu mablag‘ni inspektor orqali olgan vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida mazkur inspektor joriy yil aprel oyida ham shu do‘kon bilan bog‘liq murojaatni ko‘rib chiqmaslik evaziga 1,5 million so‘m olgani aniqlangan.
Hozirda mazkur holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.






