Qashqadaryo viloyatida korrupsiya bilan bog‘liq holat fosh etildi. Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida IIB xodimi pora olishda qo‘lga olindi.
Ma’lum bo‘lishicha, Dehqonobod tumanida yashovchi 1983 yilda tug‘ilgan ayol va uning 2009 yilda tug‘ilgan qizi telefonlarida diniy mazmundagi taqiqlangan materiallar aniqlangani yuzasidan viloyat IIB tomonidan tekshiruv harakatlari olib borilgan.
Shundan so‘ng, mazkur ishni tanishlari orqali ularning foydasiga hal qilib berishni va’da qilgan 1978 yilda tug‘ilgan shaxs ayoldan 3 million so‘m olgan vaqtida ushlangan.
Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu masalani ijobiy hal qilib berish evaziga vositachidan 2,5 million so‘m olgan vaqtida Qashqadaryo viloyati IIB Tezkor qidiruv xizmati tezkor vakili ham ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.
Hozirda IIB xodimiga nisbatan Jinoyat kodeksining 210-moddasi — pora olish, vositachilik qilgan shaxsga nisbatan esa 212-moddasi — pora olish-berishda vositachilik qilish bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
DXH fuqarolarni shu kabi qonunbuzilish holatlariga duch kelganda idoraning 1520 qisqa raqami orqali murojaat qilishga chaqirdi. Shaxs sir saqlanishi kafolatlanishi ta’kidlangan.






