AsosiyJamiyat

Prezident Islom Karimov “Shahidlar xotirasi” xiyoboniga tashrif buyurdi

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida amalga oshirilgan islohotlar jarayonida xalqimizning sha`ni, qadr-qimmati, g`urur-iftixori, ma`naviyati va milliy qadriyatlarini qayta tiklashga alohida e`tibor qaratildi. Mustabid tuzum davrida qatag`on qilingan yuzlab vatandoshlarimiz xotirasi abadiylashtirildi. Bunday savobli ishlar izchil davom ettirilmoqda.

Davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan 2000 yili poytaxtimizning Bo`zsuv sohilida “Shahidlar xotirasi” yodgorlik majmui barpo etildi. Majmua tarkibida “Qatag`on qurbonlari xotirasi” muzeyi va shu nomdagi jamg`arma tashkil qilindi. 2001 yildan buyon 31 avgustni Qatag`on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlash ezgu an`anaga aylandi.

Ushbu majmua mustabid tuzum davrida zulm va tajovuz qurboni bo`lgan yurtdoshlarimiz xotirasiga ko`rsatilgan ulkan ehtiromning yorqin ifodasidir. Bu erda ajdodlari xotirasini yod etishga kelganlar, ayniqsa, yoshlar bugungi tinch va osoyishta, to`kin va farovon hayotga qanday og`ir yo`qotishlar, sinovlar va mashaqqatlar evaziga erishganimizni anglaydi, tinchlikning, mustaqillikning naqadar buyuk ne`mat ekanini teranroq his etadi.

An`anaga muvofiq, 31 avgust tongida “Shahidlar xotirasi” xiyobonida xalqimizning ozodligi va mustaqilligi yo`lida qurbon bo`lgan ajdodlarimiz xotirasini yod etish marosimi o`tkazildi. Qur`on tilovat qilinib, qatag`on qurbonlari ruhiga hurmat bajo keltirildi, deya xabar beradi O`zA.

Marosimda O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Islom Karimov ishtirok etdi.

Yurtboshimiz ta`kidlaganidek, tarixiy xotirasiz kelajak yo`q. Vatanimiz mustaqilligining 24 yillik  shodiyonalari keng nishonlanayotgan shu kunlarda bugungi ozod va obod kunlarni orzu qilgan, shu yo`lda o`z hayotini ham ayamagan ajdodlarimizning xotirasini yod etar ekanmiz, istiqlol tufayli yurtimizda tarixiy adolat qaror topganiga, xalqimiz o`tmishdan saboq chiqarib, buyuk kelajak sari dadil intilayotganiga, bunda tabarruk qadamjolar katta tarbiyaviy ahamiyatga ega ekaniga yana bir bor amin bo`lamiz. Shunday farahbaxsh damlarda shu aziz Vatan barchamizniki, uni ko`z qorachig`idek asrab-avaylash har birimizning muqaddas burchimizdir, degan ezgu tuyg`u jo`sh uradi.

Davlatimiz rahbari ulamolar, jamoatchilik vakillari bilan suhbatda tarixiy xotira, mamlakatimizda erishilgan ulkan yutuqlar, el-yurtimiz hayoti, odamlarimiz turmush tarzi, ongu tafakkurida ro`y bergan o`zgarishlar, jahonda va yaqin atrofimizdagi siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy vaziyat to`g`risida fikr yuritdi. Bugungi notinch zamon doimo ogoh, hushyor va sezgir bo`lishni talab qilishini alohida ta`kidladi.

– Biz hayotdan doimo yaxshilik kutib, boshqalarga ham yaxshilik tilab yashaydigan xalqmiz, – dedi Islom Karimov. – Shuning uchun ham ertangi kunimizning bugungidan ko`ra yorug`, tinch va farovon bo`lishini orzu qilamiz, shu yo`lda o`zimizni ayamasdan, bor kuch va imkoniyatlarimizni safarbar etamiz.

Barqaror taraqqiyot yo`lidan izchil qadamlar bilan borayotgan O`zbekistonimizning turli sohalarda erishayotgan yutuqlari barchamizga haqli ravishda g`urur va iftixor bag`ishlaydi. Biz qo`lga kiritgan ulkan natijalarni jahon hamjamiyati ham tan olmoqda. Ammo ana shunday yuksak marralarga  osonlik bilan erishganimiz yo`q. Bu yo`lda qanday og`ir sinov va mashaqqatlarni engib o`tishga, tunu kun tinmay fidokorona mehnat qilishga to`g`ri kelganini xalqimiz yaxshi biladi va munosib qadrlaydi.

Bugungi kunda dunyoning turli mintaqa va hududlarida avj olayotgan qarama-qarshiliklar, qonli to`qnashuvlar, musulmon dunyosidagi turli mazhab va oqimlar o`rtasida kuchayib borayotgan nizo va ziddiyatlar, begunoh odamlarning qurbon bo`layotgani barchamizni tashvish va xavotirga solmasdan qo`ymaydi.

Bunday holatlarning kelib chiqish sabablarini, ularning fojiali oqibatlarini chuqur tushunib, anglab olish, keng jamoatchiligimizga, ayniqsa, yoshlarga etkazish bugungi kunning dolzarb vazifalaridandir. Diniy qadriyatlarning, ezgulik va insoniyatning dushmani bo`lgan yot g`oyalarning asl mohiyatini ochib berish, jaholatga qarshi ma`rifat bilan kurashish, mana shunday tinch, musaffo osmon ostida bunyodkorlik mehnati bilan band bo`lib, shukrona keltirib yashayotgan olijanob xalqimizning tinch va farovon hayotini har qanday balo-qazolardan asrash – eng asosiy vazifalarimizdan bo`lishi kerak, dedi Yurtboshimiz.

Bu borada O`zbekiston musulmonlari idorasi va uning joylardagi tuzilmalari, imom-xatiblarning hayot bilan hamqadam bo`lib ish olib borishlari, o`z faoliyatida zamonaviy axborot-kommunikasiya texnologiyalaridan keng foydalanishlari tobora muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Yurtimizda yashayotgan har qaysi inson bugungi kunda dunyoda nima bo`layotganidan xabardor bo`lib, xavf-xatarlardan ogoh bo`lib, ularning oldini olish, bartaraf etish uchun, mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikni mustahkamlash yo`lida kurashib yashashi zarurligini hayotning o`zi taqozo etmoqda.

Tinchlik – ulug` ne`mat. Mamlakatimizdagi tinchlik va osoyishtalikdan xotirjamlikka berilish, ogohlik va sezgirlikni yo`qotishga mutlaqo haqqimiz yo`q, dedi Islom Karimov. Bu yo`lda barchamiz, butun xalqimiz yanada jips bo`lib, hamjihatlikda harakat qilishimiz zarur. Zero, tinchlik uchun kurashish kerak, uni hech kim yaratib bermaydi.

Mustaqilligimizning 24 yillik ayyomi nishonlanayotgan qutlug` kunda ko`pni ko`rgan, mehnatkash, bag`rikeng, olijanob xalqimizga tinchlik-omonlik tilayman, yurtimiz tinch, osmonimiz musaffo bo`lsin, barcha ezgu ishlarimizda Yaratganning o`zi madadkor bo`lsin, dedi pirovardida davlatimiz rahbari.

Prezidentimiz Islom Karimov Mustaqillik maydoniga tashrif buyurib, hurriyatimiz, porloq istiqbolimiz va ezgu niyatlarimiz ramzi bo`lgan Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gulchambar qo`ydi.

Davlatimiz rahbari Mustaqillik maydonini yanada obodonlashtirish, ko`kalamzorlashtirish zarurligini, buning uchun iqlimimizga mos daraxtlar, gullarni yanada ko`proq ekishga alohida e`tibor qaratish lozimligini ta`kidladi.

Prezidentimiz Shaxmat bo`yicha respublika ixtisoslashtirilgan bolalar-o`smirlar olimpiya zaxiralari sport maktabini ham borib ko`rdi. Milliy me`morlik va zamonaviy arxitektura namunalarini uyg`unlashtirgan holda barpo etilgan bu inshootning xalqaro musobaqalar o`tkaziladigan zalida, umuman mazkur maktabda sportchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Ularni yanada takomillashtirish bo`yicha mutasaddilarga tavsiyalar berdi.

Shu kuni Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga O`zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati va Qonunchilik palatasi, Vazirlar Mahkamasi, vazirliklar, idoralar va jamoatchilik nomidan ham gulchambarlar qo`yildi.

    Boshqa yangiliklar