1

Monopoliyaga qarshi kurash qo`mitasi import benzin narxiga aksiz solig`ini oshirishni maqsadga muvofiq emas, deb topdi

Iqtisodiyot 27.05.2020, 09:21
Monopoliyaga qarshi kurash qo`mitasi import benzin narxiga aksiz solig`ini oshirishni maqsadga muvofiq emas, deb topdi

Avvalroq, “O`zbekneftegaz” AI-80, AI-91 va AI-92 toifasidagi benzin importiga aksiz solig`ini 5% (foiz)dan 20% (foiz)ga oshirishni taklif qilgani haqida xabar bergan edik. 

Ijtimoiy tarmoqlarda “O`zbekneftgaz” AJ tomonidan mahalliy neftni qayta ishlab chiqaruvchi korxonalarni qo`llab-quvvatlash maqsadida benzin mahsuloti importiga aksiz solig`ini 5 foizdan 20 foizga oshirish yuzasidan bildirilgan taklifi bilan keng muhokama qilinmoqda.

Ushbu masala yuzasidan Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi munosabat bildirdi. Xususan:

"2020 yilga qadar “O`zbekneftgaz” AJning neftni qayta ishlash korxonalarida bir qator imtiyoz va preferensiyalar qo`llanib kelingan. Masalan, O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 14 noyabrdagi PQ-3386-son qarori bilan berilgan shart-sharoitlar shuning jumlasidandir.

Hozirgi kunda O`zbekistonda neft mahsulotlarini ishlab chiqarish, import qilish va sotish bo`yicha tadbirkorlik sub`ektlarga teng sharoitlar yaratildi. Monopol korxona hisoblangan Buxoro va Farg`ona neftni qayta ishlash zavodlari 2020 yilning may oyidan narxni shakllantirish bo`yicha qo`llanib kelingan cheklovlardan ozod etildi. Endilikda narxlar birja savdolarida talab va taklifdan kelib chiqib shakllana boshladi.

“O`zbekneftgaz” AJ tomonidan import neft mahsulotlarining aksiz solig`ini oshirilishi bo`yicha Energetika vazirligiga kiritilgan taklif etarlicha iqtisodiy asoslantirilmagan.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi sog`lom raqobat muhitining ta`minlanishi va iste`molchilar manfaatlarini ko`zlagan holda aksiz solig`ini oshirilish maqsadga muvofiq emas deb hisoblaydi.

Shuni ta`kidlash joizki, mahsulotni importiga aksiz solig`ini belgilash masalasi O`zbekiston Respublikasi Investisiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi tarif va notarif tartibga solish Kengashi tomonidan ko`rib chiqilishi lozim. Kengash mazkur masalani ko`rib chiqqan taqdirda, Qo`mita yuqoridagi pozisiyasi bilan ishtirok etadi va himoya qiladi", deyiladi Monopoliyaga qarshi kurashish qo`mitasi Matbuot xizmati xabarida. 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1