Toshkent harbiy okrugi hududida joylashgan “Chirchiq” aerodromida O`zbekiston oliy harbiy aviasiya bilim yurtining kursantlari amaliy parvoz mashqlarini o`tayapti. Bu haqda “Vatanparvar” gazetasining muxbiri Islomjon Qo`chqorov xabar berdi.
Muxbirning ma`lum qilishicha, amaliyot jarayonida ular uchish apparatlarini belgilangan masofada boshqarish, havoda muallaq turish, erga yaqin bo`lgan masofada parvoz qilish kabi qator mashqlarni bajarishdi.
Mutaxassislarning aytishicha, kursantlar mashqlarni o`zlashtirishda, vertolyotlarni boshqarishda hech qanday qiyinchilikka duch kelmayapti (buni fotolar muallifi III darajali serjant Olim Berdiev ham ko`p yillik xolis kuzatuvchi sifatida aerodromdan to tahririyatga kelguncha bot-bot takrorlab kelgan). O`zbekiston oliy harbiy aviasiya bilim yurtidagi mavjud so`nggi rusumdagi trenajyorlar kursantlarning bilim va ko`nikma oshirishida muhim vosita bo`lgan.
O`zbekiston oliy harbiy aviasiya bilim yurti kursantlarining amaliy parvoz mashg`ulotlari joriy yilning sentyabr oyigacha davom etishi rejalashtirilgan.






