Aholi orasida propiska masalasidagi o`zgarishlar bilan bog`liq bir qator masalalar muhokama qilinmoqda. Buni ijtimoiy tarmoqlardagi fikrlar, odamlar orasida tarqalayotgan “Propiska yaqinda yana yopilarkan” mazmunidagi mish-mishlar misolida ham ko`rish mumkin. Adliya vazirligi ushbu masalaga oydinlik kiritdi.
“Propiska yaqinda yana yopiladi, hozir propiskaning ochiqligi ma`lum muddat amal qilinadigan aksiya ekan”, deya tarqalgan xabarlarga va shu mazmundagi savol bilan Adliya vazirligiga murojaat etgan OAVlarga quyidagilar ma`lum qilindi:
Birinchidan, Prezident Farmoni bilan 2020 yil 1 apreldan boshlab Toshkent shahri va Toshkent viloyatida ko`chmas mulkni olishda O`zbekiston Respublikasi fuqarolari uchun ushbu hududlarda doimiy propiskaga ega bo`lish talab qilinmasligi belgilandi.
Shunga ko`ra, Toshkent shahri va Toshkent viloyatidan ko`chmas mulk sotib olish uchun ushbu hududlarda doimiy yashash joyi bo`yicha ro`yxatga olinganligi sharti butunlay bekor bo`lgan.
Ikkinchidan, 2020 yil 21 maydan Toshkent shahri va Toshkent viloyatida birlamchi bozordan yangi qurilgan uy-joy sotib olishda shartnoma summasining 5 foizi miqdorida davlat boji to`lash tartibi bekor bo`ldi.
Uchinchidan, “Toshkent shahrida propiska yopilishi yoki ochilishi” masalasiga ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishning hech qanday aloqasi yo`q.
To`rtinchidan, bugungi kunda Respublikamiz hududida 818 nafar notariuslar faoliyat ko`rsatayotgan bo`lib, Toshkent shahri yoki Toshkent viloyatidagi ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirish uchun fuqarolar istalgan notariusga murojaat qilishi mumkinligi, faqatgina Toshkent shahridagi notariuslar Toshkent shahridagi ko`chmas mulk oldi-sotdi shartnomalarini rasmiylashtirishi mumkin, degan fikrdan yiroq bo`lish lozim.






