Avval xabar berganimizdek, Farg`ona viloyatida ilk bor Toshkent shahri tajribasi asosida jinoyat va hodisalar haqidagi xabarlarni qabul qilish va qayd etishning avtomatlashtirilgan «102» axborot tizimi faoliyati yo`lga qo`yilmoqda. Bu haqda Farg`ona viloyati IIB manbasi asosida Fvib.uz xabar berdi.
Mazkur loyihaning ishga tushirilishi bilan Farg`ona viloyatida markazlashgan ma`lumotlar qabul qilish tarmog`i vujudga keladi.
Tizim orqali fuqarolar sodir bo`lgan voqelik, xabar yoki murojaatni nafaqat qo`ng`iroqlar orqali, balki tezkor tarzda SMS, internet tarmog`i, «SOS» xabarlari va boshqa manbalardan yuborishlari mumkin bo`ladi.
24 soat mobaynida uzluksiz faoliyat olib boruvchi “102” tizimi inson omilining aralashuviga chek qo`yadi. Vaqt va harakat tejalishi ortidan esa, og`ir oqibatlarni keltirib chiqaruvchi salbiy holatlarni oldi olinadi.
Tizimning imkoniyatlaridan foydalanib, kuch va vositalarning to`g`ri taqsimlanishi natijasida jinoyatlarning issiq izida fosh etilishiga hamda fuqarolarning buzilgan huquqlari tez fursatda tiklanishiga erishiladi.
Xabarda ma`lum qilinishicha hozirda “102” tizimi uchun zarur zamonaviy server, kompyuter va kommunikasiya qurilmalari Ichki ishlar boshqarmasiga olib kelingan, shu bilan birga ajratilgan binoga shisha tolali aloqa tarmog`i tortilgan.
Shuningdek, yangi tizimning yo`lga qo`yilishi bo`yicha Ichki ishlar vazirligi, Er resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri qo`mitasi, "UZTELECOM" va boshqa tashkilotlarning malakali mutaxassislari ham jalb etilgan bo`lib, farg`onalik ayni soha vakillari bilan birgalikda o`zaro tajriba almashmoqdalar.
Yaqin kelajakda Farg`ona viloyatida “102” tizimining joriy etilishi, eng avvalo, fuqarolar bilan ijtimoiy hamkorlikni mustahkamlashga, Ichki ishlar organlari va aholi o`rtasidagi ijobiy muhitni yanada yaxshilashga xizmat qiladi.






