AsosiyJamiyat

Samarqandlik ayol koronavirusga chalinganmidi? G`allaorolliklar shundan xavotirda

'Samarqandlik ayol koronavirusga chalinganmidi? G`allaorolliklar shundan xavotirda'ning rasmi

Jizzax viloyati aholisi o`rtasida G`allaorolda koronavirus bilan og`rigan bemor aniqlangani haqida xabar tarqaldi. UzA bu masalaga to`xtalib o`tdi.

Mahalliy aholining aytishicha, Samarqand viloyatida yashayotgan ayol G`allaorolga mehmonga kelib, bir necha kundan so`ng sog`lig`i yomonlashadi. Natijada G`allaoroldagi shifo maskanlarining biriga davolanish uchun yotqiziladi. Shifokorlar bemor homiladorligi uchun «bu homila bilan bog`liq o`tadigan kasallik» deya tashxis qo`yadi. Bemorga aniq tashxis qo`yish uchun Jizzax viloyat shifoxonasiga olib boriladi. Xullas bu erda ham bemorga aniq tashxis qo`yilmagach Samarqand viloyati shifoxonalariga etkaziladi va bemorga koronavirus tashxisi qo`yilgan.

–Bu bemor bilan bitta shifoxonada qishlog`imizdagi Tugulovlar oilasining kelini yotgan ekan, – deydi G`allaorol tumani Qashqabuloq qishlog`i fuqarosi Qizlarxon Turonova. – Shu boisdan Tugalovlar oilasini 14 kunga karantinga olishibdi. Milliy guvardiya xodimlari ularning uyini qo`riqlayapti. Hech biri tashqariga chiqqani yo`q.

Mahalliy aholining bu gaplari, xavotiri nechog`lik asosli ekanini aniqlash maqsadida Jizzax viloyat SEOM bosh vrachi o`rinbosari Minnigul Muhitdinova bilan telefon orqali bog`lanib, vaziyatga oydinlik kiritdik.

– G`allaorol tuman tibbiyot birlashmasiga 12 may kuni kechga yaqin 12 haftalik homilasi, qornida og`riq belgilari bilan Samarqand viloyatida yashovchi ayol murojaat qilgan, – deydi M.Muhitdinova. – Qabul bo`limida ayol UTT tekshiruvidan o`tkazilganda homila tushish xavfi borligi aniqlangani uchun infeksionist ko`rigidan keyin ginekologiya bo`limining alohida palatasiga yotqizilgan. Keyinchalik ayolda tana harorati ko`tarilgani uchun undan koronavirusga tekshirish uchun namuna olingan. Kornonavirus kasalligi alomatlari borligi gumon qilinib Samarqand viloyatiga davolanish uchun maxsus avtomashinada yuborildi. Hozirgi kunda uning sog`lig`i yaxshi. Koronavirus kasalligiga gumon qilingan shaxs bilan muloqotda bo`lganlarning barchasi 14 kunlik tibbiy kuzatuvga olingan. 30 may kuni 14 kunlik tibbiy kuzatuv davri tugadi. Muloqotdagilarning barchasi sog`lom, ulardan virusologik tekshirish uchun 2 marotaba olingan namunalar xulosasi manfiy. Viloyat hududida yashovchi aholi o`rtasida oxirgi oyda koronavirus kasalligi aniqlanmagan. Yuqorida aholi ma`lumotlarida bemor Jizzax viloyat shifoxonasiga olib kelingan, deb ko`rsatilgan, ammo bemor viloyat shifoxonalariga murojaat qilmagan, faqat kasalligi yuzasidan yashash joyi, ya`ni Samarqand shahridagi shifoxonalarga murojaat qilgan. Keyinchalik onasi yashaydigan G`allaorol tumani tibbiyot birlashmasiga kelgan. Yana shuni aytmoqchimanki, bemorga birinchi bor koronavirusga gumon tashxisi Jizzax viloyatida qo`yilgan.

    Boshqa yangiliklar