Avgust oyining oxirgi o`n kunligida butun dunyo nashrlarida bosilgan bir xabar juda ko`p oltin ishqibozlarini vasvasaga solib qo`ydi, desak yanglishmaymiz. Oradan salkam bir oy o`tib, negadir bu boradagi gap-so`zlar xiyla bosilib qolgandek. Xo`sh, aslida nima bo`lgandi yoki nimalar bo`lyapti? Shu haqda biroz...
Mana sizga “sensasiya”!
20 avgust kuni VVS, “Evronyus”, “Trud”, “Interfaks” singari mashhur va ishonchli axborot mahkamalari Polsha hududidan nasistlar Germaniyasi Ikkinchi Jahon urushi davrida er ostiga yashirib ketgan hadsiz-hisobsiz xazinasi topilganiga ishora qiluvchi xabarlarni tarqatishdi.
Ushbu manbalarga ko`ra, Polshaning Quyi Sileziya viloyati hududidagi Valbjix tumani rahbariyatiga nemis va polyak millatiga mansub ikki erkak murojaat qilib, Uchinchi Reyxning oltin va javohirotlarga to`la poezdi yashirilgan joyni topishgani, faqat ushbu topilmaning 10 foizi ularga qonunan xatlab berilishi rasman kafolatlangach, ular vagonlar yashirilgan joyni ko`rsatishlarini aytishgan.
Bu yangilikni Polshaning ayrim rasmiy idoralari vakillari ham tasdiqlagach, afsonaviy boylik xabari va ushbu topilgan “oltin vagon”larning fotosuratlari ommaviy axborot vositalari orqali yashin tezligida tarqalib ketdi.
Ma`lumotlarga ko`ra, go`yoki xazina yuklangan eshelonning uzunligi 150 metrga etadi. Unda 300 tonna oltin va qimmatbaho toshlar, tasviriy san`at durdonalari, qimmatbaho arxiv materiallari o`rin olgani bo`lishi mumkin.
15 milliard dollar?
Tarixiy manbalarga murojaat qiladigan bo`lsak, chindan ham mag`lubiyat yoqasiga kelib qolgan Uchinchi Reyx hukumati vakillari o`zlari yiqqan-tergan boyliklarni yashirish payiga tushib qolishadi. Zotan, 1944 yilda sharqiy frontda yuz bergan keskin o`zgarishlar nasistlarni tang ahvolga tushirib qo`ygandi.
O`sha paytlarda Gitler devonxonasi rahbari bo`lgan Martin Borman maxfiy jo`natmalaridan birida hukumatning oltin zahiralari daxlsiz joyda ekanini ma`lum qilgan. Bu oltinlarni nasistlar o`zlari ishg`ol qilgan hududlardan olib kelishgan. Birgina Belgiya va Gollandiyadan olingan o`ljalar o`sha paytdagi kurs bo`yicha yarim millard dollarga baholangan. Bu hozirgi kunda 15 milliard dollardan oshadi.
Sovet qo`shinlari Sharqiy Evropa shaharlarini birma-bir ozod etishga kirishgach, fashistlar bor-budini to`plab, o`z qo`l ostidagi hududlarda yashirib keta boshlashgan. Shu tariqa, Ukraina bankidan olingan uch vagon oltin Altzee ko`li qirg`oqlarida, Ruminiya cherkovlaridan tortib olingan xazina Bad-Auszee shaharchasi yaqinida, Italiya shimolidan olib chiqilgan, Musolliniga tegishli deya gumon qilingan tillalar esa o`sha hududlarda izsiz yo`qolgan.
1945 yilning 31 yanvarida Uchinchi Reyxning moliya vaziri Valter Funkning topshirig`iga ko`ra, imperiya banklaridagi tillalar 14 vagonga yuklanib, Berlindan olib chiqilgan. Biroq, 277-raqamli bu poezd ham Bad-Auszee yaqinida g`oyib bo`lgan.
Urushdan so`ng g`olib davlatlarning xazina izlovchilari bu hududda ancha izlanish olib borishgan bo`lsa-da, biror natijaga erishilmagan. Keyinchalik bu poezd xalq orasida turli afsonalar to`qilishiga sabab bo`ldi. Emishki, fashistlar poezdni erosti yo`lagida yashirib, unga tushadigan zinapoyalarni minalashtirib chiqishganmish. 70 yildan beri olib borilgan tadqiqotlar natija bermagach, hatto bu poezdning bo`lgan-bo`lmagani ham shubha ostida qolgandi.
Kutilmaganda...
Nahotki hammasi cho`pchak bo`lsa?!
Shiddatli yomg`ir tez tugagani kabi, bu boradagi shov-shuvlar uzoq davom etmadi. Keyinchalik matbuotda chiqa boshlagan yakkam-dukkam ma`lumotlarga ko`ra, Polsha rasmiylari “oltin poezd”ning topilgani xabarni ham, uning fotosuratlarini ham “yolg`on”ga chiqarishdi.
Mamlakatning Gazeta Wyborcza nashri xabariga ko`ra, bu xabarar shunchaki shov-shuvdan boshqa narsa emas. Krakov ilmiy tadqiqotlar instituti eksperti Vieslav Navorskiy fotosuratlar kompyuetr texnologiyalari asosida yaratilganini qayd etmoqda.
Biroq, ushbu ma`lumotlar dunyo bo`ylab tarqatilgach, xazina “topilgan” hududda sayyohlar oqimi ikki-uch baravar ortgan. Bo`shab yotgan mehmonxonalarda joy etmay qolgan. Shundan kelib chiqadigan bo`lsak, bu shov-shuv aynan hududda turizmni “uyg`otish” uchun qilingan nayrang bo`lish ham mumkin.
Shu bilan birga, shov-shuvlar rost bo`lsa, mamlakat rasmiylari “oshga pashsha tushmasligi” uchun bu yangilikni bosdi-bosdi qilgan bo`lsalar-chi, degan andishalar ham yo`q emas. Yana kim biladi, deysiz?
HUMOYuN tayyorladi