Bugungi qutlug` kunlarda butun islom olami Qurbon hayitini bayram qilayotir. Bu bayram mamlakatimizda ham keng nishonlanmoqda. Qurbon hayiti – Iyd al-Adha azaldan mehr-oqibat, muruvvat, bag`rikengldik ayyomi sanalib kelingan. Imkoniyati etarli bo`lgan musulmonlar uchun bu kunlarda qurbonlik qilish vojib amallar sirasiga kiradi.
Muqaddas kalomda aytiladiki...
Alloh taoloning roziligini topishga sabab bo`ladigan amallar qatorida qurbonlik ham zikr qilingan. Alloh taolo marhamat qiladi: «...Suygan narsalaringizdan infoq-ehson qilib bermaguningizcha hargiz yaxshilikka(jannatga) etmagaysiz...» (Oli Imron, 92).
Bizdan ilgari o`tgan ummatlarga ham qurbonlik qilish buyurilgan. Quroni karimda bunday deyiladi: «Biz (o`tgan)barcha ummatga Alloh bergan chorva hayvonlarini (so`yish) oldidan Uning nomini zikr qilishlari uchun – qurbonlik qilishni buyurganmiz...» (Haj, 34).
Ushbu oyat qurbonlikning vojib amal ekaniga dalildir: «Bas, Rabbingiz uchun namoz o`qing va (jonliq) so`yib qurbonlik qiling!» (Kavsar, 2).
Kimlar nimalarni qurbonlik qiladi?
Musulmon, ozod va muqim hamda nisob miqdordagi molga ega bo`lgan kishiga qurbonlik qilish vojib. Ammo Imom Muhammadga ko`ra, kishi aqlli va balog`atga etgan bo`lishi shart. Fatvo mana shu qavlga ko`ra berilgan (“Fatavoi Hindiya”).
Qurbonlik qilishda nisob miqdori fitr sadaqasining sharti bilan bir xil. Ya`ni, aytib o`tilgan talablarga javob beradigan kishining asl ehtiyojidan oshiqcha moli ikki yuz dirham kumush miqdoriga etsa, unga qurbonlik qilish vojib bo`ladi. Bunda zakotdagi kabi molning oshib turishi va bir yil o`tishi shart qilinmaydi.
Qurbonlik qilinadigan hayvonlar turiga qo`y, echki, mol va tuya kiradi. Qo`y va echkilarning bir yoshi qurbonlik qilinadi. Agar olti oylik qo`zi onasi bilan gavdasi teng va semiz bo`lsa, uni ham so`yish joiz. Ammo bu hukm uloqcha (echki bolasi) uchun tegishli emas (Saraxsiy, “Al-Mabsut”). Molning ikki yashari, tuyaning esa besh yasharini qurbonlik qilish mumkin.
Kimga qanchadan?
Shuningdek, qo`y va echki faqat bir kishi nomidan qurbonlik qilinadi. Mol bilan tuyaga esa etti nafargacha shaxs sherik bo`lishi mumkin. Ammo bunday sherikchilikda juda ehtiyot bo`lish kerak. Zero, bunda sheriklarning hammasi musulmon bo`lishi va qurbonlikni niyat qilgan bo`lishi kerak. Ammo ulardan birortasi shunchaki go`sht uchun sheriklikka qo`shilgan bo`lsa, qolgan barcha sheriklarning qurbonligi o`tmaydi. So`yilgan hayvonning go`shti sheriklar o`rtasida teng taqsimlanishiga ham alohida e`tibor qaratish kerak (Alouddin Kosoniy, “Badoeus Sanoe”).
Qachon qurbonlik qilinadi?
Qurbonlik qilish vaqti zulhijja oyining o`ninchi, o`n birinchi va o`n ikkinchi kunlaridir. O`ninchi kuni so`yishning fazilati ko`proqdir. Shu kunlar orasida kechayu kunduz qurbonlik so`yish mumkin. Ammo kechasi so`yish makruh. O`n ikkinchi kuni quyosh botishi bilan qurbonlikning vaqti o`tgan hisoblanadi va bunday holda qurbonlikka atalgan, ammo biror sabab bilan so`yilmay qolgan hayvon tirikligicha sadaqa qilib yuboriladi (“Fatavoi Hindiya”).
Alloh taolo musulmonlarga Qurbon hayiti namozini o`qib, keyin qurbonlik qilishni buyurgan. Jonliqni so`yish vaqtida xolis niyat bilan Allohdan savob umid qilgan holda turish lozim. Aks holda, riyo yoki boshqa illatlar insonning niyatiga aralashsa, qurbonlik savobini ketkazib qo`yadi.
Qurbonlikni chin ko`ngildan ado etinglar!
Payg`ambarimiz Muhammad (alayhissalom): “Odam bolasining qurbonlik kunida qilgan amallaridan Allohga eng sevimli bo`lgani jonliq (qo`y, mol, tuya) so`yib, qon chiqarganidir. Albatta, qiyomat kuni bo`lganida so`yilgan jonliqning shoxlari, junlari, tuyoqlari qurbonlik qilgan kishining oldiga savobga almashtirilib keltiriladi. Qurbonlikning qoni erga tomib ulgurmasdan oldin, u Allohning huzurida maqbul bo`ladi. Shunday ekan, qurbonlikni chin ko`ngildan ado etinglar”, deb marhamat qilganlar.
Tepasida turgan yaxshi
Solim ibn Abu Ja`d rivoyat qiladi: «Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam) Fotimaga (roziyallohu anho): “Qurbonlik qilayotgan narsang oldida unga qarab tur. Albatta, Alloh taolo gunohlaringni birinchi qoni tomishi bilan kechiradi”, dedilar. Shunda Imron ibn Husayn (roziyallohu anhu): “Bu sizga va ahlingizga xosmi yo hamma musulmonlargami?” deb so`radi. Rasululloh (sollallohu alayhi va sallam): “Barcha musulmonlarga”, deb javob berdilar» (Imom Ahmad va Bayhaqiy).
Jonliqni qurbonlik qiluvchi kishining o`zi so`ygani yaxshi. Agar boshqa odam uning nomidan so`ysa, uning o`zi tepasida turishi mustahabdir. Qurbonlik go`shtidan o`zi, oilasi, qarindosh-urug`lariga berish bilan birga, muhtoj kishilarga ham uchdan bir qismini ehson qilsa, maqsadga muvofiq bo`ladi.
Abdurazzoq YuNUS,
O`zbekiston musulmonlari idorasi raisi o`rinbosari
Ziyo.uz saytidan olingan