Aholiga halaqit berayotgan imorat haqiqatdan ham o`zboshimchalik bilan qurilgan. Ammo uni buzish uchun...

Jamiyat 02.06.2020, 18:08
Aholiga halaqit berayotgan imorat haqiqatdan ham o`zboshimchalik bilan qurilgan.  Ammo uni buzish uchun...

 Mirzo Ulug`bek tuman hokimligi ijtimoiy tarmoqlar va internet saytlarida keng muhokamaga sabab bo`layotgan Buyuk ipak yo`li ko`chasi, 326-uy «B» «V» manzillaridagi qurilishga izoh berdi. 

Ma`lum bo`lishicha, mazkur qurilmani qurish uchun javobgar tomonidan zarur bo`lgan ruxsatnoma olingan, qurilmani qurishni amalga oshirish uchun loyiha hujjatlari tayyorlangan va tegishli tartibda bu loyiha ro`yxatdan o`tkazilgan. Ammo tayyorlangan loyihada shaharsozlik normasi va qoidalari buzilganligi, loyiha hujjatlaridan chetga chiqish holati mavjud ekan. 

Hukumatning tegishli qaroriga asosan tuman er tuzish va ko`chmas mulk kadastr xizmati, mahalla fuqarolar yig`ini xodimlari hamda tuman hokimligi qurilish bo`limi xodimlari ishtirokida ushbu manzildagi qurilish ob`ekti yuqoridagi qurilish normalarini buzgan holda qurilganligi yuzasidan 2020 yil 12 mayda tegishli tartibda dalolatnoma tuzilgan.

" Ma`lumki, O`zbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 212-moddasiga ko`ra qonun hujjatlarida belgilangan tartibda qurilish maqsadlari uchun ajratilmagan er uchastkalarida, shuningdek imorat qurish uchun zarur ruxsatnoma olmasdan yoki arxitektura va qurilish normalari hamda qoidalarini jiddiy buzgan holda qurilgan uy-joy, boshqa bino, inshoot yoki o`zga ko`chmas mulk o`zboshimchalik bilan qurilgan imorat hisoblanadi. Shu o`rinda o`zboshimchalik bilan imorat qurgan shaxs, unga mulk huquqini ololmaydi. Bu shaxs qurgan imoratini tasarruf etishga — sotishga, hadya etishga, ijaraga berishga, imoratga nisbatan boshqa bitimlar tuzishga haqli emas.

O`zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxsning yoki tegishli davlat organining da`vosi bilan bunday imorat sudning qaroriga binoan imoratni qurgan shaxs tomonidan yoki uning hisobidan buzib tashlanishi lozim.

Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tuman xokimligi tomonidan fuqarolar Yadgarova Sh.B. va Yadgarova Sh.G.lar holat yuzasidan imzo qo`yishdan bosh tortganligi sababli tegishli tartibda dalolatnoma tuzilgan.

Mirzo Ulug`bek tuman hokimligi qonunbuzarlikka yo`l qo`ygan fuqarolar Buyuk ipak yo`li ko`chasi, 326-uy «B» «V» manzillaridagi qurilmani buzish va o`z holatiga keltirishi haqida Fuqarolik ishlari bo`yicha Toshkent shahar Mirzo Ulug`bek tumanlararo sudiga da`vo arizasi kiritilgan.  

Shu o`rinda ushbu qurilish ob`ekti atrofida istiqomat qilayotgan fuqarolarimizga sudning odilona qarorini kutishlarini so`rab qolamiz", deyiladi xabarda.  

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1