O`zbekiston Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti zoolog mutaxassislari yovvoyi kemiruvchilar va boshqa hayvonlar faoliyatining Sardoba suv ombori to`g`oni holatiga ta`sirini aniqlash bo`yicha Sirdaryoda safarda bo`ldi.
Ta`kidlanishicha, ish jarayonida guruh tomonidan to`g`on yonbag`rining 7 bo`limi, to`g`onning yuqori qismidan esa 31-piketdan 197-piketgacha tekshiruvlar o`tkazilgan. Bu hududlarda ochilib qolgan loy uyumlari va cho`kmalar kuzatilgan. Tekshiruvlar muhandis E.Qayumov ishtirokida o`tkazildi.
Ma`lumotlarga ko`ra, to`g`on yonbag`rining 3 bo`limida oddiy ko`rsichqonning ochilib qolgan in yo`llari, to`g`onning yuqori qismida esa Tamarisk qumsichqonining inlari qayd etilgan. Nishablik bo`limlardan birining asosida tulki ini topilgan.
«Olingan ma`lumotlar shuni ko`rsatadiki, bu kemiruvchilar hamda tulkilar ko`p sonda emas va to`g`onning yaxlitligiga jiddiy ta`sir ko`rsata olmaydi. Fanlar akademiyasi Zoologiya instituti mutaxassislari ushbu masala yuzasidan zarur tavsiyalar berdi», — deyiladi xabarda.
Eslatib o`tamiz, 1 may kuni soat 05:55 da Sirdaryo viloyatida joylashgan Sardoba suv ombori to`g`onining 6-piket devorida suv chiqishi yuzaga kelgandi. Bosh prokuratura Sardoba falokati yuzasidan jinoyat ishi bo`yicha 4 ta tergov versiyasini ko`rib chiqmoqda. Hozirda suv ombori ishi bo`yicha ikki kishi qamoqqa olingan.