AsosiyJamiyat

Sankt-Peterburgdan olib kelingan, koronavirus aniqlangan ayol farzandlik bo`ldi

Avval xabar berganimizdek, yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar, jumlad...

'Sankt-Peterburgdan olib kelingan, koronavirus aniqlangan ayol farzandlik bo`ldi'ning rasmi

Avval xabar berganimizdek, yurtimizda koronavirus infeksiyasiga chalingan bemorlar, jumladan, homilador, tug`ruqdagi va tuqqan ayollarni davolashga alohida ahamiyat berilmoqda.  

Bunda poytaxtimizdagi 3-sonli tug`ruq majmuasi tibbiyot xodimlari alohida fidoyilik ko`rsatishib, koronavirusga chalingan homilador ayollarni davolashda bor tajriba va bilimini ishga solishmoqda.  

Ushbu tibbiyot muassasasida yana bir quvonchli voqea yuz berdi. Koronavirus infeksiyasi aniqlanib, ushbu tug`ruq majmuasiga olib kelingan beshariqlik homilador ayol G. farzandli bo`ldi. Bu haqda Sog`liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo`limi xabar berdi.

Jigar etishmovchiligi bilan xastalangan ushbu 21 yoshli ayol joriy yil 19 may kuni Rossiya Federasiyasining Sankt-Peterburg shahridan charter reys orqali Toshkentga olib kelingan va karantinga olingan edi.

Unda homiladorlik birinchi yarmi engil darajadagi toksikoz bilan kechgan. So`nggi ikki hafta davomida esa oyog`ida shishlar, nafas siqishi, xansirash, burun bitishi, tomoq qichishishi, ta`m va hid bilish sezgilarining yo`qolishi, teri sarg`ayishi boshlangan. Undan olingan tahlil natijalariga ko`ra, ayolda koronavirus aniqlanib, mazkur 3-sonli tug`ruq majmuasiga olib kelingach, birinchi navbatda, tahlillar olindi, chuqurlashtirilgan tibbiy ko`rik o`tkazildi.  

Unda malakali shifokorlar, jumladan, akusher-ginekolog, epidemiolog, anesteziolog-reanimatolog, infeksionist-gepatolog, neonatolog kabi qator mutaxassislar ishtirok etib, zarur va tezkor davo muolajalari olib borildi.

Joriy yil 6 iyun kuni homilador ayolda tug`ruq boshlanib, tug`ruq jarayoni 7 soat davom etdi. Tug`ruqning ikkinchi davrida ayolda nafas etishmovchiligi, holsizlik, qon bosimini keskin ko`tarilishi kabi belgilar kuchayib, jarayon namlangan kislorod berish ostida olib borildi. Shunga qaramay, tajribali shifokorlarimizning sa`y-harakatlari natijasida homilador ayol  o`g`il farzandli bo`ldi. Eng muhimi, tug`ruqdan keyingi davrda ayolning hayotiga xavf soluvchi asoratlar kuzatilmadi.  

Yanada quvonchlisi esa, chaqaloqdan koronavirusga olingan tahlil natijalari yosh murg`akda  infeksiya yo`qligini ko`rsatdi.

Ayni paytda chaqaloqning holati qoniqarli bo`lib, onasi bilan birga shifokorlarning tibbiy kuzatuvida bo`lib turishibdi.

    Boshqa yangiliklar