AsosiyJamiyat

O`zbekistonda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi t...

'O`zbekistonda Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi'ning rasmi

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining “Davlat geologiya va mineral resurslar qo`mitasi tizimida Geologiya fanlari universiteti faoliyatini tashkil etish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qarori e`lon qilindi.  

Prezident qarori bilan geologiya sohasida yuqori malakali va zamonaviy fikrlovchi oliy ma`lumotli kadrlarni tayyorlovchi Geologiya fanlari universiteti tashkil etildi. Bu haqda edu.uz rasmiy kanali ma`lum qildi.

Universitet Davlat geologiya qo`mitasi, tog`-kon sanoati korxonalari va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlari uchun geologiya yo`nalishidagi malakali kadrlar tayyorlash hamda ilmiy-tadqiqot ishlarini bajarish bo`yicha respublikaning ixtisoslashgan oliy ta`lim va ilmiy-tadqiqot muassasasi hisoblanadi.

H.M.Abdullaev nomidagi Geologiya va geofizika instituti, Mineral resurslar instituti, Gidrogeologiya va muhandislik geologiyasi instituti, Neft-gaz konlari geologiyasi va qidiruvi instituti, Geologiya sohasi kadrlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti hamda Davlat geologiya muzeyi Universitet tarkibiga kiradi.

Universitetga talabalar har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta`lim muassasalariga o`qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmasi hamda to`lov-kontrakt asosida qabul qilinadi.

Universitetda talabalar O`zbekiston Respublikasining davlat ta`lim standartlari asosida geologiya va konchilik yo`nalishidagi etakchi xorijiy oliy ta`lim muassasalari, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining qo`shma ta`lim dasturlari bo`yicha, ular bilan erishiladigan kelishuvlarga muvofiq o`qitiladi.

2020 yil 1 sentyabrga qadar Davlat geologiya qo`mitasi, Oliy va o`rta maxsus ta`lim vazirligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi bilan birgalikda 2020/2021 o`quv yili uchun Universitetga talabalarni qabul qilish jarayoni talabga muvofiq o`tkaziladi.

Universitet huzurida etakchi geologiya va konchilik yo`nalishidagi xorijiy oliy ta`lim muassasalarining, shu jumladan, Sankt-Peterburg konchilik universitetining maxsus umumta`lim va bazaviy texnik fanlarini o`qitishga ixtisoslashgan Boshlang`ich muhandislik tayyorlash markazini tashkil etiladi.

Universitet 2020-2021 o`quv yilida I.Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti binosiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtiriladi.

    Boshqa yangiliklar