AsosiySport

Mourino: Mening diskvalifikasiya qilinishim AFA uchun sharmandalikdir

"Chelsi” klubi bosh murabbiyi Joze Mourino Angliya futbol assosiasiyasi tomonidan diskvalifikasiya qilinishiga o`z munosabatini bildirib o`tdi, deb yozadi kun.uz

“Oyog`imga elektron braslet taqib, uy qamog`iga hukm qilib qo`yishmaganiga ham rahmat.

Bugungi kunda bunday taqiqlar va qarorlarning mavjudligini sharmandalik deb bilaman. Sizlar bu qarorlardan xursand bo`lganga o`xshaysiz. Hozirda har bir so`zim o`zimning zararimga xizmat qilishi mumkinligini bilaman.

50 ming funtlik jarima – yoqimsiz holat. Stadionga kelishim taqiqlanishi – undan ham yomon.

APLda murabbiyning qismati og`ir. Biz o`zimiz istamasak ham matbuot anjumanlarida qatnashishga majburmiz”, - deydi Mourino.

U shuningdek, murabbiylik faoliyatini qachongacha davom ettirish haqida aytib o`tgan.
"Buni aniq aytish qiyin, lekin o`ylashimcha, yana 15 yil davomida murabbiy sifatida ishlay olaman. Men hozirda murabbiylik sohasidagi yo`limning yarmidaman, 15 yildan beri murabbiylik qilib kelaman. Menimcha, 67 yosh murabbiylikni tark etish uchun eng qulay vaqt bo`ladi. Lekin bu 15 yilni "Chelsi"da o`tkazishga ko`zim etmaydi. Axir zamonaviy futbolda bir jamoada buncha uzoq vaqt davomida ishlash imkoni deyarli yo`q. Men albatta o`z faoliyatimni Londonda yakunlashni juda ham xohlayman, lekin buning iloji bo`lmasa kerak", deydi murabbiy.

Eslatib o`tamiz, 52 yoshli mutaxassis "Sautgempton"ga qarshi 3 oktyabr kuni o`tkazilgan APLning 8-turi doirasida o`yindan (1:3) keyin hakam qarorini muhokama qilgani uchun 50 ming funt miqdorida jarimaga tortildi va bitta o`yinga diskvalifikasiya qilindi.
Ma`lumot uchun, ayni vaqtda uning boshqaruvidagi jamoa 8 turdan keyin 8 ochko jamg`argan holda turnir jadvalining 16-o`rnida joylashgan.

 

 

    Boshqa yangiliklar