AsosiyJAMIYAT

Qalovini topsang qor ham yonadi. Yoxud mo`ynoqlik yoshlar og`ir cho`l sharoitida issiqxonadan daromad olmoqda

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog`istondagi Xalq qabulxonalari, sektorlar rahbar...

'Qalovini topsang qor ham yonadi. Yoxud mo`ynoqlik yoshlar og`ir cho`l sharoitida issiqxonadan daromad olmoqda'ning rasmi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Qoraqalpog`istondagi Xalq qabulxonalari, sektorlar rahbarlari ko`zi yonib turgan mo`ynoqlik yigit-qizlarning ezgu orzulariga kamarbasta bo`lmoqda. Yoshlarni qo`llab-quvvatlashga oid davlat siyosatining yorqin hayotiy ifodasi – besh oy nari-berisida Qipchoqdaryo ovulida qurilgan 1 gektardan ziyod issiqxonada bugun etishtirilayotgan qishloq xo`jaligi mahsulotlari ovozasi butun Orolbo`yi bo`ylab taralmoqda. 

Shu bois sahro qo`ynidagi bu issiqxonani o`z ko`zi bilan ko`rish uchun atay Mo`ynoqqa keladigan yoshlar safi kengaymoqda.

Bu gal tajriba almashish uchun Nukus shahridan kelgan yoshlar Mo`ynoqdagi tengdoshlarining cho`l ichidagi shu issiqxonadan yigirma kunda 36 tonna bodring uzib, sotishga erishganini eshitib, ikki karra hayratlanishdi. Demak, ishlasa, izlansa, uddalash mumkin ekan. Hademay ular pomidor sotishni boshlashadi. Bir bo`lak maydonda havasga ekilgan bulg`or qalampiri-yu baqlajon ham unib, hosil berdi.

Yana bir ibratli jihat – Mo`ynoq yoshlari o`z qo`llari bilan etishtirgan sabzavot mahsulotlari bilan “Saxovat va ko`mak” umumxalq harakatiga ham hissa qo`shishga ulgurishdi. Kuni kecha Mo`ynoqning Tallio`zak, Do`stlik, Madeli, Qozoqdaryo, Uchsoy kabi 11 ta ovulidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 200 dan ortiq oilaga etkazib berilgan navbatdagi ezgulik karvonida 13 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari qatoriga Qipchoqdaryo ovulidagi issiqxonadan yangi uzilgan sabzavotlar ham qo`shildi. 

Albatta, bular – mo`ynoqlik yoshlarni doimiy ishli va tadbirkor qilish yo`lidagi ilk qadamlar. Hali oldinda bajariladigan vazifalar ko`p. Yoshlar bilan navbatdagi muloqotda ham necha yildan beri o`z dehqonini kutib yotgan Mo`ynoq tuprog`idan, erosti suvlaridan unumli foydalanib, yangi-yangi dalalar, ixcham issiqxonalar barpo qilishga kelishib olindi. Erta-indin Qipchoqdaryo ovulidagi 10 ta yosh oilaning hovlisida yoki hovli etagidagi bo`sh maydonlarda har biri 10 sotixli 10 ta zamonaviy issiqxona qurilishi uchun grant mablag`i ajratiladigan bo`ldi. Ilk hisob-kitoblarga ko`ra, 10 sotixli issiqxonadan oyiga kamida 8-10 million so`m daromad topish mumkin.

 

    Boshqa yangiliklar