Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko`ra, davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarining tarbiyalanuvchilarni qabul qilishga puxta tayyorlash, shu jumladan sanitariya-gigienik qoidalar va xavfsizlik choralarini to`liq ta`minlash maqsadida ularning faoliyatiga joriy yilning 1 avgustidan boshlab ruxsat beriladi. Bunda:
➖ davlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari binolari doimiy ravishda dezinfeksiya qilinadi, ularga kirish-chiqish joylari pirometrlar, antiseptik vositalar va dezinfeksion “to`shaklar” bilan jihozlanadi;
➖ xodimlar tibbiy niqob va tibbiy qo`lqopdan foydalanadi va ijtimoiy masofani saqlaydi;
➖ tana harorati 37*S va undan yuqori bo`lgan yoki infeksiya alomatlari mavjud bo`lgan xodim va tarbiyalanuvchilar mashg`ulotlarga kiritilmaydi.
Shu bilan birgalikda, 2020 yil 15 iyundan boshlab “yashil” va “sariq” hududlarda nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlari faoliyatiga ruxsat berilgan bo`lib, bunda maktabgacha ta`lim tashkilotlarida mashg`ulotlarni 15 kishidan ortiq bo`lmagan guruhlarda tashkil etish to`g`risidagi cheklov bekor qilindi.
Bunda, nodavlat maktabgacha ta`lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilar o`rtasida koronavirus infeksiyasi tarqalishining oldini olishga qaratilgan karantin cheklovlariga qat`iy rioya etilishi bo`yicha mas`uliyat maktabgacha ta`lim tashkiloti ma`muriyati hamda tarbiyalanuvchilarning ota-onalari yoki ularning o`rnini bosuvchi shaxslar zimmasiga birdek yuklatiladi.