Xalqimizda kartoshkaga “ikkinchi non” deb bejiz ta`rif berilmagan. Ha, bir xonadonda eng ko`p ishlatiladigan oziq-ovqat mahsuloti kartoshka hisoblanadi. Ayniqsa, hozirgi pandemiya sharoitini hisobga olib, uni yanada ko`proq zaxira qilib qo`yish kerak.
Joriy yilda bu borada Toshkent viloyatida ham bir qator chora-tadbirlar belgilangan. Jami 18 ming gektar maydonda kartoshka etishtirish ko`zda tutilgan bo`lib, jumladan, 6 ming gektarda asosiy maydonda, 12 ming gektarda esa g`alladan keyin takroriy ekin sifatida etishtirish rejalashtirilgan. Yil yakunida jami 533,3 ming tonna, xususan takroriy maydonlardan 244 ming tonna kartoshka hosilini olish mo`ljallangan. Agar bu ko`rsatkich o`tgan yilga nisbatan taqqoslansa, 59 foizga ko`pligi ma`lum bo`ladi.
Yuqorida ta`kidlaganimizdek, pandemiya sharoitida ko`proq oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini ta`minlash ustuvor vazifa hisoblanadi. Kartoshkadan yuqori hosil olish uchun zarur choralar ko`rilgan. Masalan, takroriy maydonlarga ekiladigan kartoshka uchun jami 36,7 ming tonna urug`lik talab etilib, uning 29 ming tonnasi viloyatdagi fermer xo`jaliklari va boshqa qishloq xo`jaligi korxonalarida mavjud bo`lsa, qolgan qismi, ya`ni 7,7 ming tonnasi 3 ta importyor korxonalar (“SHUKRONA AFRO FAYZ” MChJ, “BANANZA TRADE EXPORT” MChJ va “BAXTIYOR IDEAL BIZNES” MChJ) tomonidan Rossiya Federasiyasi, Qozog`iston va Gollandiya davlatlaridan etkazib beriladi. Buning uchun zarur bo`ladigan jami 192 mlrd so`mning 40 mlrd. so`mi bank kreditlari hisobidan qoplanishi ko`zda tutilgan.
– Bu yil kartoshkaning bir necha serhosil navlarini yaratishga muvaffaq bo`ldik, – deydi sabzavot, poliz ekinlari va kartoshkachilik ilmiy-tadqiqot instituti direktori Rustam Nizomov. – Bu pandemiya sharoitida aholinining “ikkinchi non”ga bo`lgan ehtiyojini qondirishda asosiy omil hisoblanib, eksportga mo`ljallangan navlar Toshkent viloyatining bir qator tumanlariga ekiladi.
Ma`lumot o`rnida ta`kidlash lozimki, joriy yil Toshkent viloyatining g`alladan bo`shagan 102 ming gektar maydonlarida takroriy ekinlar, uning 12 ming gektariga esa kartoshka ekish rejalashtirilgan.
Toshkent viloyati hokimligi axborot xizmati ma`lumotlariga ko`ra, g`alladan keyin O`rta Chirchiq tumanida eng ko`p maydonda kartoshka etishtiriladi. Jumladan, 2 ming gektardan 40437 tonna hosil olish mo`ljallangan.