AsosiySport

Taekvondochilarimiz Qozog`iston chempionatida g`alaba qozonishdi

Taekvondo (WTF) bo`yicha O`zbekiston kattalar va yoshlar terma jamoalari a`zolari Qozog`iston ochiq chempionatida ettita oltin, to`rttadan kumush va bronza medalni qo`lga kiritdi, deb xabar beradi O`zA.


Vazni 80 kilogrammgacha bo`lgan taekvondochilar o`rtasida Maksim Rafalovich qozog`istonlik Tilegen Darbaev, Rahim Odilxonov, tojikistonlik Farhod Ne`matov va meksikalik Rene Lizarragani engib, oltin medal bilan taqdirlandi. 

87 kilogrammgacha og`irlikdagi sportchilar o`rtasida tajribali sportchimiz Jasur Boyqo`ziev qozog`istonlik Ismoil Duyseboy va eronlik Homid Homidiyni mag`lubiyatga uchratib, shohsupaning eng yuqori pog`onasidan joy oldi. 

Jahon chempioni Dmitriy Shokin 87 kilogrammdan og`ir vazndagi sportchilar o`rtasida tengsiz ekanini yana bir bor isbotladi. U qozog`istonlik Ilya Maryushkin, tojikistonlik Alisher Gulov va janubiy koreyalik Dong Min Cha ustidan g`alaba qozonib, oltin medalga sazovor bo`ldi. 

Sportchilarimiz oltin medal bilan birga 2016 yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o`tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o`yinlari yo`llanmasi uchun beriladigan navbatdagi 10 reyting ochkosiga ham ega bo`ldi. 

Hamyurtlarimizdan Nikita Rafalovich va Bahrom Abdullaev ikkinchi, Temur O`rolov uchinchi o`rinni egalladi. 

Yoshlar o`rtasidagi musobaqalarda Charos Qayumova, Zuhra Ochilova, Vlada Pan va Nigora Tursunqulova o`z vazn toifasida oltin medalni qo`lga kiritdi. Ulug`bek To`xtasinov va Svetlana Osipova kumush, Sardor Toirov, Zariya Qosimova va Go`zal Norboboeva bronza medal bilan taqdirlandi. 

    Boshqa yangiliklar