1

BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari O`zbekiston bilan hamkorlikni qutlaydi

Siyosat 17.06.2020, 08:25
BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari  O`zbekiston bilan hamkorlikni qutlaydi

Birlashgan Millatlar Tashkilotining Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi o`zining navbatdagi, 2019 yiluchun Yillik hisobotini taqdim etdi. Bu haqda Inson huquqlari bo`yicha O`zbekiston Respublikasi Milliy markazining matbuot xizmatii ma`lum qildi.

Ushbu hujjat BMT Oliy komissari va uning Boshqarmasi faoliyatining hisobot davridagi faoliyati yakunlariga doir ma`lumotlardan iborat. U Boshqarmaning bosh qarorgohi va joylardagi vakolatxonalari tomonidan amalga oshirilgan ko`plab yo`nalishlardagi keng hajmli ishlarni o`zida qamragan.

Joriy ma`ruza Mishel Bachelet Oliy komissar sifatida ish boshlagan dastlabki to`liq yilning yakunlari bo`yicha tayyorlangan. Ma`lumki, avval ikki marotaba Chili prezidenti postini egallagan M.Bachelet 2018 yil sentyabrida mazkur lavozimga Zayd al-Husaynning (Iordaniya) o`rniga tayinlangan.

Hisobot asosan quyidagi masalalarga oid axborotlardan iborat:

  • BMTning tinchlikparvarlik amaliyotlariga inson huquqlarini integrasiya qilishga ko`maklashish;
  • Boshqarmaning turli hududlarda joylashgan 84 ta vakolatxonasi salohiyatini oshirish va texnik hamkorlik bo`yicha imkoniyatlarini kuchaytirish;
  • 12 ta tinchlikparvar missiyaning huquq himoyasiga doir vakolatlari doirasida monitoring va muhofaza qilish bo`yicha ish olib borish hamda inson huquqlari bo`yicha asosiy shartnomalarning 37 tasini ratifikasiya qilish va ularga qo`shilish uchun yordam ko`rsatish;
  • 77 ta mamlakatda qiynoqlardan jabr ko`rgan qariyb 36 ming nafar shaxsning reabilitasiya qilinishi va ko`mak olishini ta`minlash;
  • kamsitishlarning barcha shakllarini taqiqlashga qaratilgan 15 ta yangi milliy qonun qabul qilinishiga yordam berish.

Shuni ta`kidlash kerakki, hisobotda birinchi marotaba O`zbekiston bilan inson huquqlari sohasidagi hamkorlik borasida erishilgan o`sish natijalari haqida batafsil axborot havola etilmoqda. Mamlakatimizga taalluqli ushbu ma`lumotlarni Oliy komissar o`z ma`ruzasining muqaddimasidayoq qayd etgani diqqatga loyiqdir.

O`zbekiston bilan o`zaro hamkorlikda amalga oshirilgan chora-tadbirlar BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari bo`yicha milliy indikatorlarni ushbu sohadagi xalqaro huquq talablariga to`liq mos holda ishlab chiqishga xizmat qilgan. Bu BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi tomonidan ijobiy baholanganini alohida ta`kidlash lozim. 

E`tirof etilishicha, bunday natija Barqaror rivojlanish maqsadlari va boshqa taraqqiyot rejalarini amalga oshirishda O`zbekistonga boshqa mamlakatlar qatori inson huquqlarini himoya qilish masalalarini hamda BMTning huquqni muhofaza qilish mexanizmlari tavsiyalarini hisobga olish imkonini beradi.

Hisobotda O`zbekistonning Nogironlar huquqlari to`g`risidagi konvensiyani ratifikasiya qilishiga doir jarayonlar ilgari siljigani ham qayd etilgan. Xususan, mamlakatimiz BMTning Qiynoqlarga qarshi konvensiyasining Fakultativ bayonnomasiga qo`shilishi uchun ko`maklashish bo`yicha bir qator tadbirlar o`tkazilgan. Ana shu muhokamalarda fuqarolik jamiyatining vakillari ham faol ishtirok etgan.

O`zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil dekabrida qabul qilingan Qarorida inson huquqlarini himoya qilish bo`yicha xalqaro va mintaqaviy tuzilmalarning tavsiyalari bajarilishini monitoring qilish borasidagi faoliyatni kuchaytirish ko`zda tutilganiga e`tibor qaratilgan. BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi ana shu sohalardagi xalqaro tajriba va ilg`or amaliyotni o`rganishga doir bir qancha loyihalarni amalga oshirgani muhim ahamiyatga ega.

Shuningdek, BMTning ustav va shartnomaviy organlariga ma`ruzalar tayyorlash bo`yicha milliy mexanizmlar salohiyati sezilarli darajada mustahkamlangani ta`kidlangan. O`zbekiston BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi bilan o`zaro hamkorlikda inson huquqlari sohasidagi o`zining asosiy dasturilamal hujjatini tayyorlagan va taqdim etgan sanoqli mamlakatlardan biri hisoblanadi. Bugungi kunda BMTning huquqni himoya qiluvchi barcha tuzilmalari ushbu hujjatdan qo`llanma sifatida foydalanmoqda.

Tegishli davlat organlari, inson huquqlarini himoya qilish milliy muassasalari va fuqarolik jamiyati o`rtasida BMTning inson huquqlari bo`yicha qo`mitalari bildirgan yakuniy tavsiyalarni amalga oshirish va erishilgan natijalarni muntazam monitoring qilish borasidagi faoliyatni muvofiqlashtirish ishlari takomillashtirilgan.

Ma`ruzada O`zbekiston akademik doiralari, aloqador vazirliklar va davlat muassasalari vakillarini o`qitish va kasbiy malakasini oshirish bo`yicha qilingan ishlar ham o`z aksini topgan.

Bundan tashqari, mamlakatimizda BMTning Inson huquqlari bo`yicha oliy komissari Boshqarmasi nashrlari va axborot materiallarini o`zbek tiliga tarjima qilish va chop etish borasida erishilgan natijalar qayd etilgan.

 

 

Sharhlar

Ob-havo: Toshkent
Valyuta kursi
1