Mamlakatimizda pandemiyaning iqtisodiyotga salbiy ta`sirini yumshatish maqsadida tadbirkorlik sub`ektlariga bir qator soliq imtiyozlari berilmoqda.
Bu boradagi yangi tartiblar Prezidentimizning 2020 yil 8 iyundagi “Tadbirkorlik faoliyati va o`zini o`zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to`g`risida”gi qaroriga muvofiq belgilandi.
O`zA muxbiri mazkur qaror asosida joriy qilinayotgan yangi soliq imtiyozlariga doir yangiliklar haqida O`zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo`mitasi bo`lim boshlig`i Shuhrat ISMOILOV bilan suhbatlashdi.
– Qarorga muvofiq, joriy yilning 1 iyulidan boshlab 67 ta faoliyat turi bo`yicha o`zini o`zi band qilgan kasb egalarining daromadi soliqqa tortilmaydi, – deydi Sh.Ismoilov. – Bu imtiyozdan foydalanish uchun qo`lingizda uyali telefon bo`lishining o`zi kifoya. Xalqchil tilda aytganda, ilg`or xorijiy tajriba asosida bunday fuqarolarni ro`yxatga olish va hisobini yuritish uchun maxsus mobil ilova ishlab chiqiladi. Bunday imtiyozlarga ega bo`luvchilarga qanday talablar qo`yiladi, o`zi kimlar bu imkoniyatdan foydalanishi mumkin, degan savollar ham ko`pchilikni qiziqtirishi tabiiy.
Yuqorida aytganimizdek, band bo`lgan aholiga qo`yiladigan talablardan biri – mobil telefon orqali soliq organlarini xabardor qilishning o`zi kifoya. Umuman olganda, bu shu davrgacha ham qisman amaldagi tartib bo`lib, shu paytgacha 24 faoliyat turiga ruxsat etilgan edi. Endilikda vaqtinchalik mehnat guvohnomasini berish tartibi bekor bo`ladi.
O`rni kelganda, mobil ilova afzalliklari haqida ham tushuncha berib ketsak.
Birinchidan, o`zini o`zi band qilgan fuqarolar aholidan buyurtmalarni qabul qilishi mumkin, bu qaysidir ma`noda o`zini o`zi band qilgan fuqaro xizmatidan foydalanayotganini ko`radi va undan buyurtmalarni qabul qilish imkoni mavjud bo`ladi.
Ikkinchidan, yuridik shaxslarga xizmatlar ko`rsatsa (tovarlarni sotishda), elektron hisob-kitob fakturalarni taqdim qila olishi mumkin.
Uchinchidan, ixtiyoriy asosda daromadlar va xarajatlar hisobini yuritishi mumkin, ya`ni ilova orqali o`zining buxgalteriyasini yuritish hamda ushbu ma`lumotlardan keyinchalik kredit olishda foydalanishi mumkin.
To`rtinchidan, o`zlarining bajaradigan ishlari va ko`rsatadigan xizmatlarini reklama qilishi mumkin. Ushbu reklama aholi tomonidan buyurtma berishda qo`shimcha imkoniyatlardan biri bo`lib hisoblanadi.
Beshinchidan, aholi tomonidan ushbu mobil ilovadan foydalangan holda buyurtma bergan o`zini o`zi band qilgan fuqaroning bajargan ishlari yoki ko`rsatgan xizmatlariga qarab, baholash va fikrlarini qoldirishi mumkin. Bu keyinchalik boshqa fuqaro foydalanayotganida ballga qarab, fuqaro xizmatlari sifati oldindan aniqlanishi mumkin bo`ladi.
Qaysidir faoliyat turi, aytaylik, uy tozalash xizmatlari, qishloq joylarda asosan chorva mollariga qarash xizmatlari bor, mazkur xizmat turlarini reklama qilib qo`ydimi? Qaysidir ishga muhtoj aholi qatlami foydalanish uchun buyurtma beradi. Natijada aholi bandligi, ro`yxatdan o`tgan fuqarolar daromadi oshishi ta`minlanadi va fuqarolarning mehnat muhofazasini ta`minlash mexanizmi ham o`zgaradi.
Amaldagi tartibga asosan hududiy mehnat bo`limlari tomonidan o`zini o`zi band qilgan fuqarolarga vaqtincha mehnat guvohnomasi hamda oylik to`lovlari amalga oshirilar edi.
Yangi tartibga ko`ra, 2020 yil 1 iyuldan o`zini o`zi band qilgan shaxslar ro`yxatdan o`tish uchun telefon yoki shaxsiy kabinet orqali soliq idoralarini xabardor qilishi kifoya.
Oldingi tartibda esa o`zini o`zi band qilgan fuqaro vaqtinchalik guvohnomalarning muddatiga qarab, to`lov to`lar edi. Masalan, bir oyga 111 ming 500 so`m miqdorida. Endilikda esa mobil ilova orqali ro`yxatdan o`tganidan keyin joriy yil uchun yil yakuniga qadar bazaviy hisoblash miqdorining 50 foizi miqdori, ya`ni bugungi kunda 111 ming 500 so`m miqdorida ijtimoiy soliq to`lashi kifoya bo`ladi.
Bunda fuqarolarning mehnat muhofazasi ta`minlanib, xuddi yakka tadbirkor sifatida hisobga olinadi. Ya`ni, ish staji hisobga olinganligi ta`minlanadi. O`zini o`zi band qilgan shaxslar yollanma ishchilarni jalb qilmasligi hamda ish beruvchiga ega bo`la olmasligi to`g`risidagi talab saqlab qolinadi.
Bundan tashqari, ushbu qarorga asosan tadbirkorlik sub`ektlariga ham bir qator engilliklar berildi. Xususan, oldin yakka tartibdagi tadbirkor faoliyatini amalga oshirayotgan joyidan emas, balki doimiy yashash joyidan ro`yxatdan o`tayotgan edi. Endilikda faoliyatini amalga oshirayotgan joyidan ro`yxatdan o`tadi.
Shuningdek, qarorda o`zini o`zi band qilgan shaxslar uchun nazarda tutilgan 67 ta faoliyat turi bilan shug`ullanuvchi oilaviy korxonalar (ishchilari soni kamida 3 nafar bo`lgan) aylanmadan soliqni belgilangan miqdordan 50 foizga kamaytirilgan stavkada to`lashi belgilab qo`yildi. Amalda esa bunday korxonalar uchun aylanmadan soliq stavkasi joylashgan hududiga qarab tovar aylanmasining 1 foizidan 4 foizigacha belgilangan edi.
Masalan, sartaroshlik xizmati faoliyati bilan 5 nafar xodimni ish bilan ta`minlagan yuridik shaxs aylanmadan soliq to`lovini faoliyatni amalga oshirish joyi uchun belgilangan stavkasining 50 foizi miqdorida to`laydi.
Muxtasar aytganda, ushbu qaror bilan bugungi kunda norasmiy sektorda band bo`lgan fuqarolar endilikda yaratiladigan mobil ilova orqali ro`yxatdan o`tib, soliq organlarini xabardor qilishi mumkin. Bu – ularning bandligi va mehnat muhofazasini ta`minlash, aholi bandligining oshishi va ularning daromadi manbalari ko`payishiga xizmat qiladi.