Bu qaror G‘azo satidagi zo‘ravonlikning kuchayishi va inson huquqlarining buzilishiga qarshi javob sifatida qabul qilindi. Qaror "Isroil xalqaro huquq va insonparvarlik huquqiga rioya qilmagunicha va falastinliklarning asosiy huquqlari ta’minlanmagunicha" munosabatlarni to‘xtatishni nazarda tutadi.
Qaror Barselonadagi Komunes, Ijtimoiy partiya (PSC) va Kataloniya Respublikachi partiyasi (ERC) tomonidan qo‘llab-quvvatlandi. Shuningdek, 1998 yildan beri amal qilib kelayotgan Tel-Aviv bilan do‘stlik va hamkorlik kelishuvi ham bekor qilindi. Qarorda Isroil hukumati va uning kompaniyalari bilan hamkorlikni to‘xtatish, Mobile World Congress kabi tadbirlarda Isroilning ishtirokini taqiqlash va Barselona portida Isroilga qurol olib keluvchi kemalarni qabul qilmaslik kabi choralar ham nazarda tutilgan.
Barselona shahar hokimi Jaume Kolboni bu qarorni "Barselona tinchlik shahri sifatida o‘z rolini bajarishi kerak" deb ta’kidladi va G‘azodagi vaziyatni "g‘ayriinsoniy" deb baholadi.
Bu qaror shahar kengashida siyosiy bahslarga sabab bo‘ldi. Junts partiyasi betaraf qoldi, PP va Vox esa qarshi ovoz berdi. Shuningdek, Kataloniya hukumati ham Tel-Avivdagi tashqi savdo ofisini yopishga qaror qildi.
Abdulloh Sayyid