So‘nggi paytlarda ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olmoqda, degan mazmundagi xabarlar tarqalmoqda. Xususan, o‘sish sur’atlari NB.1.81 shtammi bilan bog‘liqligi aytilyapti. Xo‘sh, bu qanchalik to‘g‘ri? Barchani qiziqtirgan savolga Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Nurmat Atabekov batafsil javob berdi.
“Shu yil mart oyida koronavirusning Xitoyda aniqlangan “NB.1.81” shtammi ba’zi mamlakatlar bo‘ylab tarqalayotgani haqida ma’lumotlar bor”, — deydi mutaxassis.
Lekin “SOVID-19” ning yangi to‘lqini dunyoni qamrab olmoqda, degan xabarlar asossiz.
Ma’lumki, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti 2024 yil 13-apreldan koronavirus bilan kasallanish bo‘yicha kundalik axborot berib borishni to‘xtatgan.
Davlatlar miqyosida ham shunday. Masalan, Rossiyaning “Rospotrebnadzor” tashkiloti 2024 yil 12-maydan kundalik ma’lumotlar e’lon qilish amaliyotini yakunlagan.
Aslida, shuning o‘ziyoq sayyoramizda koronavirus bo‘yicha epidemiologik vaziyat barqaror ekanligini anglatadi. Qolaversa, “SARS-CoV-2” ning “NB.1.81” shtammi keng ko‘lamda yoyilayotganiga doir ma’lumotlarni JSST rasman tasdiqlagani yo‘q.
Sir emas, dunyoda koronavirus bo‘yicha shov-shuvli axborotlarni tarqatishdan manfaatdor guruhlar bor. Ayni kunlarda e’lon qilinayotgan bu kabi ma’lumotlarni ham shunday izohlasak, to‘g‘ri bo‘ladi. Chunki Yer yuzida yangi to‘lqinning kuzatilish ehtimoli qariyb nolga teng.
O‘zbekiston misolida aytadigan bo‘lsak, mamlakatimizda epidemiologik vaziyat barqaror. Aholida koronavirus shtammiga nisbatan oddiy respirator kasalliklarga bo‘lgani singari munosabat allaqachon shakllangan.
Chunki mazkur kasallikni diagnostika qilish, davolash imkoniyatiga egamiz. O‘z navbatida, odamlarda bu xastalikka nisbatan jamoaviy immunitet vujudga kelgan. Nafaqat O‘zbekiston, butun Yer kurrasida holat shunday!
To‘g‘ri, mamlakatimizda COVID-19 ga chalinganlar oz miqdorda bo‘lsa ham, aniqlanib turibdi. Ammo murojaat qilgan bemorlarning faqat ikkilamchi surunkali kasalligi bo‘lganlarigina shifoxonada davolanmoqda. Qolganlari xastalik yengil kechganligi sababli ambulator sharoitda muolaja olyapti.
“Yangi viruslar paydo bo‘ldi” degan xabarlarga kelsak, mana, hozirgacha dunyoda koronavirusning 45 mingga yaqin mutatsiyalari yuzaga keldi va hamon bu jarayon to‘xtagani yo‘q. Biroq o‘tgan davrda ulardan faqat 10-15 tasi kasallik chaqirdi, xolos. Shu ma’noda, mutatsiyalardan vahima yasash kerak emas.
Ayni o‘rinda yurtdoshlarimizga O‘zbekiston hududida qaysi viruslar aylanib yurganini kuzatib boruvchi monitoring tizimi yo‘lga qo‘yilgani, tegishli laboratoriyalarda bemorlardan olingan virus namunalari doimiy ravishda tekshirilib, tahlil qilib borilishini eslatib o‘tmoqchiman.
Shu ma’noda, dunyoda qayd etilayotgan yangi shtammlar haqida darhol shov-shuvli xabarlar tarqatishga zinhor urinmaslik kerak. Xavotirga hech qanday asos yo‘q.