Ijtimoiy tarmoqlarda “Magic City” bog‘ida namoyish etilgan teatrlashtirilgan tomosha videolavhasi tarqaldi. Tomoshada o‘z joniga qasd qilish sahnasi ko‘rsatilgan.
Videoda ko‘rinishicha, rol ijro etuvchilardan biri baland ustunga bo‘ynidan ip bilan bog‘langan holda osilib turgan. U bu orqali o‘z joniga qasd qilish holatini ko‘rsatib bergan. Tomoshada ko‘plab odamlar, xususan, yosh bolalar ham bo‘lgan.
Toshkent shahar hokimligi matbuot kotibi Gulnoza Qosimova ijtimoiy tarmoqda tarqalgan videodan xabari borligini, “Magic City” xususiy hudud ekanini, muhokamalarga sabab bo‘layotgan sahna ko‘rinishi shahar, Chilonzor tuman hokimligi yoki shahar madaniyat boshqarmasi bilan hamkorlikda tashkil etilmaganini hamda ular oldindan xabardor qilinmaganini bildirdi.
“Bu tadbir biz bilan kelishilmagan, holat bo‘lib o‘tgandan so‘nggina biz xabardor bo‘ldik”, deydi matbuot kotibi.
Ushbu shou-shuvli mavzuga "Magic city" munosabat bildirdi.
Unga ko‘ra, mazkur kadrlar haqiqatan ham parkning har kuni soat 22:30 da namoyish etiladigan kechki shou-dasturi – “Suv ustidagi shou” davomida tasvirga olinganini ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, tarmoqqa tarqalgan fragment kontekstdan ajratilgan bo‘lib, u tomoshaning syujetini ham, san’at g‘oyasini ham to‘liq aks ettirmagan, shou ssenariysi – bu yaxshilik va yomonlik o‘rtasidagi to‘qnashuv haqida bo‘lgan klassik ertak bo‘lib, finalda yovuz qahramon yaxshi qahramonni maxsus xavfsizlik tizimi yordamida havoga ko‘targan.