BBC xabar berishicha, HAMAS AQSHning o‘t ochishni to‘xtatish borasidagi taklifiga rad javobini berdi. Chunki, AQSHning taklifi HAMASning asosiy talablariga javob bermaydi. HAMAS rasmiysi BBCga bergan intervyusida, taklifda urushni to‘liq to‘xtatish va gumanitar yordamni kafolatlash kabi talablar inobatga olinmaganini ma’lum qildi.
AQSHning maxsus vakili Stiv Uitkoff tomonidan taklif qilingan rejaga ko‘ra, HAMAS 10 nafar tirik va 18 nafar halok bo‘lgan garovdagi isroilliklarni qaytarishi, evaziga Isroil 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishi va falastinlik mahbuslarni ozod qilishi nazarda tutilgan. Isroil rasmiylari bu taklifni ma’qullaganini bildirgan, ammo HAMAS hozircha rasmiy javob bermagan.
HAMAS vakillari taklifda urushni to‘liq to‘xtatish, gumanitar yordamni kafolatlash va Isroil qo‘shinlarini G‘azodan to‘liq chiqib ketish kabi talablar aniq bayon etilmaganini qayd etgan. Shuningdek, ular AQSHning oldingi muzokaralardagi va’dalari bilan bu taklif o‘rtasida katta farq borligini ta’kidlagan.
Isroil xavfsizlik vaziri Itamar Ben-Gvir esa HAMASning taklifni rad etishini bahona qilib, G‘azoda "to‘liq kuch bilan" harakat qilish vaqti kelganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, endi kechikishga asos yo‘q va HAMASni butunlay yo‘q qilish kerak. G‘azodagi gumanitar vaziyat esa tobora og‘irlashmoqda. So‘nggi 10 haftada taxminan 4000 kishi halok bo‘lgan, BMTning insonparvarlik ishlari bo‘yicha rahbari Tom Fletcher esa G‘azoda majburiy ochlik holati yuzaga kelganini va dunyo hamjamiyati bu vaziyatga jiddiy e’tibor qaratishi kerakligini ta’kidladi.
Hozircha muzokaralar davom etmoqda va HAMAS o‘zining rasmiy javobini tayyorlamoqda. Bu muzokaralar mintaqadagi tinchlik va barqarorlik uchun hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lishi mumkin.
Abdulloh Sayyid